Ezgulik, mehr-muruvvat, odamiylik va oqibat kabi xislatlar o'zbek xalqining tomiri, qon-qonida jo'sh uradigan fazilatlardandir. Xalqimizda “Muruvvat dilni poklaydi” degan purma'no hikmat bor. Oramizda shundaylar borki, ulardagi insoniy fazilatlar tufayli ham bu dunyoda quyosh tafti haroratli, hayot mazmunli va turmushimiz chiroylidir. Ayniqsa, bayram kunlarida ko'ngli o'ksik insonlar holidan xabar olish xalqimizning azaliy qadriyatlaridan hisoblanadi.
Qorako'l tumanidagi “Muruvvat” nogironligi bo'lganlar bo'lgan shaxslar internat uyida 3-dekabr - Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri o'tkazildi.
Qorako'l tumani hokimi Sherali Salomov boshchiligidagi tuman hokimligi va sektor rahbarlari mazkur muassasadagi ko'ngli o'ksik insonlarni yo'qlab bordilar.Tadbirda tuman hokimi muassasada yashovchilarni bayram bilan qutladi.
Maskandagi insonlarga ular yolg'iz emasliklarini, davlatimizning kuchli ijtimoiy himoyasida ekanliklarini yana bir bor eslatgan tuman hokimi, Prezidentimiz tomonidan xalqimizga, ayniqsa nogironligi bo'lgan shaxslarga ko'rsatilayotgan e'tibor va g'amxo'rliklar to'g'risida gapirib o'tdi. Shifo ilinjidagi shaxslar tezroq shifo topib, o'z oilalari bag'riga sog'-salomat qaytishlariga tilak bildirdi.
Mazkur katta oilada Respublikamizning barcha hududlaridan kelgan insonlar bo'lib, 300 nafardan ortiq erkaklar biri birlariga mehr berib, o'zaro totuvlikda hayot kechirmoqdalar. Bir qarashda imkoniyatlari cheklangan bo'lib ko'ringan bu insonlarning hayot sinovlarini sabot bilan engib o'tayotganligini ko'rib, yigitlarning matonatiga taxsin aytmasdan o'tolmaysiz.
Bayram munosabati bilan bemorlarga sovg'alar ulashib, muassasa xodimlari bilan navbatdagi suhbatini qurgan tuman hokimi Sh.Salomov bu erdagi mavjud shart-sharoitlar bilan yana bir bor qiziqdi. Bemorlarga ko'rsatayotgan e'tibor va g'amxo'rliklar uchun shifokor va hamshiralarga minnatdorchilik bildirib, har qanday amaliy yordam va ko'makka tuman hokimligi doimo shayligini eslatib o'tdi.
Tuman hokimligi mutasaddilarining navbatdagi tashrifi va e'tibori ham muassasada davolanayotgan yurtdoshlarimizga cheksiz zavq ulashdi.
Turli yoshdagi kishilarning san'atkor sheriklari tomonidan ijro qilinayotgan kuy va qo'shiqlariga monand ko'zlarida quvonch, qalblarida shukronalik bilan jo'r bo'layotganligi to'rt muchali sog'lom har bir insonni o'zligini anglashga, mehr-oqibatli bo'lishga undaydi.
Dunyoda mehrning, qadriyatning umri boqiydir. Insoniy fazilatlargina ulug'lik sari boshlaydi. Qaerdaki, mehr-oqibat, qadr-qimmat mavjud ekan, shu erda baxtiyorlik, farovonlik hukm suraveradi.
Qorako'l tumani hokimligi matbuot xizmati