Muruvvat uyida yashovchi ruhiy nosogʻlom ayolni mazax qilingani holati oʻrganildi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo “Muruvvat” nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ayollar internat uyida yashaydigan ruhiy nosogʻlom ayolning ustidan mazax qilingani haqidagi xabarlar tarqaldi.

    Holat Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning Sirdaryodagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga borib oʻrganildi.

    Aniqlanishicha, ayolni mazax qilgan xodimalar ushbu muassasaga autsorsing asosida xizmat koʻrsatadigan tadbirkorlik subyektida ishlagan. Ular muassasa hududida erkin sayr qilib yurgan Ya.S.ni shifokor, hamshira va kichik tibbiy xodimlar (enaga) ruxsatisiz oshxona binosiga olib kirib, ruhiy holatini bila turib mazax qilishgan. Mazkur olingan video tasvir oshxonada ishlovchi xodimlarning telegram gruppasiga tashlagan.

    S.Ya.da aqli zaiflikning ogʻir darajasi sababli xulq atvor buzilishi bilan kechuvchi ruhiy holat tez-tez kuzatiladi. (Yaʼni doimiy ravishda yaqin qarindoshlarini eslab uyimga joʻnating yoki chaqirib bering deb yigʻlash holatlari yuzaga keladi.)

    2024-yil 17-may kuni Sirdaryo “Muruvvat” nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ayollar internat uyi rahbari Sirdaryo tumani Ichki ishlar boʻlimiga murojaat qilib, X.M. va Sh.O.larning xatti-harakatiga Oʻzbekiston Respublikasining “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisidagi” Qonuning 3 va 4-moddalari yuzasidan qonuniy chora koʻrishlik boʻyicha murojaat qilgan.

    Maʼlum qilinishicha, xodimalar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan va ular vazifasidan ozod qilingan.
    Hozirgi kunda Sirdaryo tumani IIB tomonidan holat yuzasidan surishtiruv ishlarini olib bormoqda.

    Ombudsman mintaqaviy vakili S.Ya. va uning shifokori bilan suhbatlashganda kayfiyati va ruhiy holati yaxshi ekani maʼlum boʻldi.