Shu kunlarda poytaxtimizda “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovasiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi bo‘lib o‘tayapti. Jahon hamjamiyatining diqqat-e’tiborini tortgan mazkur nufuzli xalqaro anjumanda dunyoning qariyb barcha qit’asidan 450 dan ziyod ekspert ishtirok etmoqda.

Xorijiy va milliy ekspertlar, tahlilchilar o‘rtasida yangi O‘zbekistondagi demokratik islohotlar, erishilgan yutuqlar, navbatdagi dolzarb vazifalar, mamlakatda vujudga kelayotgan mutlaqo yangi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy makon va muhit, davlatning tashqi hamda ichki siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashilayotgani haftalikdan o‘rin olgan tadbirlar mazmunini belgilaydi.

Haftalik doirasida “Yirik transport infratuzilma loyihalarini amalga oshirish tajribalari — iqtisod o‘sishining asosiy tamoyili” hamda “O‘zaro bog‘liqlikni barcha transport sohalarda rivojlantirish: dolzarb takliflar va yechimlar” mavzularida muloqotlar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda xorijlik mutaxassislar har bir mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishida hal qiluvchi o‘rin egallagan transport sohasida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish tajribasiga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, xalqaro yuk tashish va logistikani rivojlantirish orqali davlatlar va mintaqalar o‘rtasida xalqaro savdoni kengaytirish, barqaror iqtisodiy o‘sish va farovonlikni ta’minlashda birgalikdagi sa’y-harakatlar ahamiyati yuzasidan fikr almashildi.

Ilhom MAHKAMOV,  O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri:

— Azaldan o‘zaro hurmat va ishonch, savdo va transport-kommunikasiya aloqalari do‘st xalqlarimizni birlashtirib kelgan. Hozir ham transport koridorlari tarmog‘ini kengaytirish va mintaqalarimizning tranzit salohiyatini oshirish qo‘shma hamkorlik faolligiga bog‘liq. Shu ma’noda, O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikni, jumladan, Xalqaro transport forumi, SARES, ESKATO, TRACYEKA, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Turkiy davlatlar tashkiloti kabi xalqaro sheriklar bilan munosabatlarni mustahkamlashi yo‘lida ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. So‘nggi besh yilda mamlakatimizda xalqaro yuk tashuvining barqaror o‘sishi kuzatilib, o‘rtacha yillik sur’ati 8 foizni tashkil etdi.

Tashqi savdo va tranzit yuk tashuvlari hajmini oshirish maqsadida Yevropa Ittifoqi hamda MDH davlatlaridan O‘zbekiston — Afg‘oniston — Pokiston orqali Hind okeani portlariga chiqish imkoniyatiga ega yangi multimodal transport yo‘nalishlarini shakllantirish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda. Transchegaraviy savdoni, shuningdek, MDH davlatlarining Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aloqalarini rivojlantirishni rag‘batlantirish maqsadida “Termiz” xalqaro savdo markazi qurildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston — Afg‘oniston — Pokiston temir yo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha salmoqli ishlar bajarilmoqda.

Loyihaning amalga oshirilishi natijasida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Pokiston va Hindiston temir yo‘llariga, shuningdek, Arabiston dengizi portlariga chiqadigan yangi va eng qisqa tranzit koridorlarini shakllantirish hamda yuk tashish vaqti va narxini 30–40 foiz kamaytirish imkoniyati yaratiladi.

Transport sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish maqsadida ushbu tarmoqda islohotlar amalga oshirilmoqda. Misol uchun, sohani liberallashtirish natijasida O‘zbekistonda xorijiy va xususiy aviakompaniyalar ochilgani hisobiga sog‘lom raqobatni yaratish imkoniyati paydo bo‘lganini ta’kidlash mumkin. Natijada mamlakatda 5 ta xususiy aviakompaniya ish boshladi. Qanot Sharq Airlines, Silk Avia, Humo Air, Panorama Airways, Centrum Air shular jumlasidan.

Markaziy Osiyoning jahon bozorida raqobatbardoshligini ta’minlash maqsadida mintaqamizdagi iqtisodiy manfaatlarimizni yanada faol ilgari surish vaqti keldi. Ushbu forum ochiq fikr almashish va yangi, ilg‘or g‘oyalarni ilgari surish, qo‘shma tashabbuslarni shakllantirishga yordam berishi bilan ahamiyatli. Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz orqali transport tarmog‘ini xalqlarimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qiluvchi yanada samarali, izchil rivojlanayotgan xavfsiz sohaga aylantira olishimizga ishonch bor.

Innokentiy BELYAKOV-ZAGUMENOV, “DB Engineering & Consulting GmbH” kompaniyasining loyihalar menejeri (Germaniya):

— Mamlakatingiz temir yo‘l transportining transport-logistika sektorini rivojlantirishda O‘zbekiston va Germaniya temir yo‘llari o‘rtasidagi hamkorlik tarixi va istiqbollari bilan tanishish imkoniyati yaratilgani uchun minnatdorlik bildiraman.

Biz Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida yurtingizni barqaror rivojlantirish hamda uning jahondagi nufuzini oshirish, shuningdek, transport-logistika tizimini yaxshilash borasidagi keng ko‘lamli islohotlardan xabardormiz. Mazkur islohotlar tufayli O‘zbekiston iqtisodiyotining izchil o‘sishi transport-kommunikasiya kompleksini jadal rivojlantirishni talab etmoqda.

Temir yo‘l infratuzilmasi murakkab va kapital talab qiluvchi tizim bo‘lib, dastlabki qo‘shma loyihalarimizdan biri — “Angren-Pop” temir yo‘l liniyasini qurish va elektrlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan keng ko‘lamli loyiha Farg‘ona vodiysini Toshkent viloyati bilan bog‘lash imkonini berdi. Germaniyalik mutaxassislar ishtirokida mazkur loyiha doirasida MDHda o‘ziga xos — uzunligi 19 kilometrdan ortiq bo‘lgan temir yo‘l tunneli barpo etildi. “DB Engineering & Consulting GmbH” kompaniyasi mutaxassislari murakkab tog‘li hududlarda tunnel qurishda ilg‘or uslub va texnologiyalarni qo‘lladi. Ushbu loyiha “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning “DB Engineering & Consulting GmbH” kompaniyasi bilan turli infratuzilma ob’yektlarini qurish bo‘yicha hamkorligini mustahkamladi. Ayni paytda “Buxoro — Miskin — Urganch — Xiva” liniyasini elektrlashtirish ishlari birgalikda bajarilmoqda. Mazkur loyiha tufayli O‘zbekistonning turizm salohiyatini kengaytirish, tranzit yo‘laklari o‘tkazish imkoniyatini oshirish va havoga chiqadigan zararli gazlarni kamaytirish mumkin. Loyiha yakuniga yetgach, tezyurar poyezdlarni ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu esa yo‘lovchilarning Toshkentdan Urganchgacha qatnov vaqtini 7 soatga (hozir 18 soat) qisqartiradi.

Bu loyihalarning barchasi O‘zbekiston va mintaqaning jadal rivojlanishiga mamlakatingiz va Germaniya kompaniyalarining o‘zaro manfaatli hamkorlikdagi sa’y-harakatlari orqali erishish mumkinligini tasdiqlaydi. Shubhasiz, transport sohasidagi islohotlar natijasi O‘zbekiston temir yo‘llari va butun transport tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish imkonini beradi. Bu esa mamlakat taraqqiyoti va aholi yashash sifatini oshirishga samarali ta’sir ko‘rsatadi.

Mayk FORMOSO, “PSA International Company” kompaniyasining Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo hamkorligi mintaqaviy rahbari (Singapur):

— Bugungi tadbirda ishtirok etganimdan bag‘oyat mamnunman. U O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda tutgan o‘rni, transport tranzit salohiyatni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi, deb o‘ylayman.

O‘zbekistonda transport logistika markazlari qurish bo‘yicha loyihani amalga oshirayotgan ekanmiz, uning ishga tushirilishi mamlakatingizning transport tranzit salohiyatini, temir yo‘llar qurilishi, avtomobil yo‘llarida yuklar tashish borasida muhim ahamiyat kasb etadi.

Umuman, loyihani O‘zbekistonda amalga oshirishdan asosiy maqsad yurtingizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni qo‘shni mamlakatlar, xususan, Markaziy Osiyo davlatlariga yetkazish, O‘zbekistondagi ishlab chiqaruvchi korxonalarga esa xomashyoni tez fursatda sifatli yetkazib berishdir.

Yurtingizdagi bir qancha ishlab chiqarish korxonalarida bo‘ldik. Ularning ishlab chiqarish jarayonini o‘rganib, zaruriy xomashyolarni qanday keltirish bo‘yicha ishlayapmiz. Bundan tashqari, O‘zbekistonda transport logistika markazlariga mahsulot yetkazib berishni raqamlashtirish ishlari ham jadal davom etmoqda.

Ko‘plab xorijiy kompaniyalar ishtirok etgan bu tadbirda aviasiya, temir yo‘l, mahsulotlarni yetkazib berish, raqamlashtirish bo‘yicha fikr almashdik. O‘ylaymanki, bu nafaqat men uchun, balki hamma ishtirokchilar juda foydali bo‘ldi.

Tilek TEKEBAYEV, Qirg‘iz Respublikasi transport va kommunikasiyalar vaziri:

— Aynan transport-infratuzilmaviy kommunikasiyalarni takomillashtirish va Markaziy Osiyoga xalqaro tranzit yuk tashuvchilarini jalb etish mintaqa davlatlarini birlashtiruvchi eng muhim yo‘nalishlardan biridir. Shu ma’noda, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi loyihasining amalga oshirilishi Markaziy Osiyoni yaxlit logistika xabiga, ya’ni jahonning muhim bozoriga aylantirishga hissa qo‘shadi.

Uldis REYMANIS, Latviya Respublikasi transport vazirligi davlat kotibi o‘rinbosari:

— Aynan Yevropa va Osiyo o‘rtasida xalqaro savdoni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish va farovonlikni ta’minlashda transport va logistikaning o‘rni alohida. Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida intermodal va multimodal transchegaraviy hamda tranzit transport xizmatlari ko‘rsatishni rivojlantirish, shuningdek, Boltiq dengizi multimodal koridori orqali Yevropa Ittifoqidan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun yetkazib berish zanjiri salohiyatini mustahkamlash va kengaytirish dolzarb vazifa. Aynan transport sohasidagi o‘zaro hamkorligimiz ushbu vazifani uddalashga xizmat qilmoqda.

Tadbir davomida o‘zaro bog‘liqlikni barcha transport sohalarida rivojlantirish yuzasidan dolzarb takliflar ilgari surildi. Mazkur yo‘nalishda yangi transport koridorlarini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan loyihalar esa alohida e’tirofga loyiq.

* * *

Jamiyatning har tomonlama farovonligi — oila mustahkamligi, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligiga bog‘liq. Shu bois, mamlakatimizda oila, xotin-qizlar hamda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash, bandligini ta’minlash, kasb egallashi va tadbirkorlik faoliyatiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasida konseptual g‘oyalar amalga oshirilmoqda.

Poytaxtimizda mazkur xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida bo‘lib o‘tgan “Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi roli va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusidagi anjumanda shu xususda so‘z yuritildi.

Zulayho MAHKAMOVA,  Bosh vazir o‘rinbosari:

— “Ayolni e’zozlash — ezgulik va adolat mezoni” degan g‘oyani hayotga tatbiq etish maqsadida mamlakatimiz aholisining qariyb yarmini tashkil etadigan xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, iste’dodi va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, onalik va bolalikni himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan 100 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.

2022–2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha milliy dastur, 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilingani bu borada e’tiborga molik ishlardan bo‘ldi. Shuningdek, xotin-qizlarning ijtimoiy va siyosiy faolligini yuksaltirish, iqtisodiy imkoniyatini oshirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida qo‘llab-quvvatlash, Oila institutini mustahkamlash borasida qilingan ishlarni mamnuniyat bilan qayd etish mumkin.

Shu bilan birga, hali bajarishimiz zarur bo‘lgan ishlar ko‘p. Xususan,  ilg‘or tajriba asosida xotin-qizlarning ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish va bu borada manfaatli hamkorlik qilish, xotin-qizlar o‘rtasida tadbirkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajriba almashish, sog‘liqni saqlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ilm-fan, ta’lim sohalari va madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, barqaror taraqqiyotga xizmat qiladigan samarali qarorlar qabul qilish uchun xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirish zarur.

Hamkorlikda izlanish va o‘zaro manfaatli qarorlar qabul qilish — tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlash singari ezgu maqsadlarimizga erishish imkonini beradi. Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston amaliyoti bilan o‘rtoqlashar ekanmiz, bu borada xorijlik mehmonlarimizning hayotiy faoliyati va samarali tajribasi ham biz uchun yuqori ahamiyat kasb etadi.

Janna BELSKAYA VANDERBEYEKEN, “Singapore Fashion Association” konsultanti, Bryussel ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish assosiasiyasi a’zosi (Singapur):

— Ayol sifatida biz ulkan imkoniyatlar davrida yashayapmiz. Biz nafaqat ayol, qiz, ona va opa-singil, ayni paytda  orzularimizni amalga oshiradigan professionallar sifatida ham namoyon bo‘lishga intilamiz. Bugun O‘zbekistonda va dunyoda ayollar tadbirkorligi gullab-yashnayotgan go‘zal davrning cho‘qqisida turibmiz. Bu, albatta, ayollarning biznes sohasida ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan e’tibor tufaylidir.

Bugun “O‘zeltexsanoat” uyushmasi bilan hamkorlikda qator yo‘nalishlarga e’tibor qaratganimni aytmoqchiman. Bular mahalliy brendlarni ravnaq toptirish, yengil sanoatni rivojlantirish, global integrasiya, raqamlashtirish hamda ta’lim. Har bir yo‘nalish qator loyihalarni o‘z ichiga oladi. Biz bu loyihalar orqali hamkorlikda ancha ish qilishimiz mumkin. Ishlab chiqaruvchilar bilan aloqa o‘rnatish orqali mahalliy brendlar rivojlanishiga ko‘maklashish, yengil sanoat sohasida startaplarga yordam berish uchun inkubator dasturi yaratishni rejalashtirganmiz.

Mahalliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda moda va plitkalar dizayni bo‘yicha treninglar tashkil etiladi. O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilarini xalqaro mijozlar bilan bog‘laydigan platformani ishlab chiqish, innovasiyasi bo‘yicha tadqiqot va ishlanmalarni amalga oshirish, barqaror moda bo‘yicha hamkorlikni rag‘batlantirish, savdo sohasida o‘sish va innovasiyalarni rag‘batlantirish uchun elektron biznesning raqamli transformasiyasini qo‘llab-quvvatlash oldimizda turgan muhim vazifalardan.

Sadagat GAHRAMONOVA, Ozarbayjon Respublikasi Oila, ayollar va bolalar davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari:

— Har gal O‘zbekistonga kelganimda oila, ayollar, mahalla hayotiga oid ibratli jihatlarga guvoh bo‘laman. 44 yildan beri rahbarlik lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelaman. To‘rt farzandim bor. Tajribamdan shunga ishonch hosil qilganmanki, ayollar ish joyiga kelgach ham baribir oiladagi muammolar, o‘zlari duch kelayotgan ijtimoiy masalalar haqida bosh qotiradi. Shu sabab ayollarni kasbiy rivojlantirishda ularni o‘ylantirayotgan dolzarb masalalarni hal etish muhim ahamiyatga ega. Ozarbayjonda ham yolg‘iz, ehtiyojmand ayollarning iqtisodiy jihatdan mustaqilligini ta’minlash maqsadida doimiy biznes seminarlar o‘tkazib kelinadi.

Roza AXMADIYEVA, Qozon davlat madaniyat instituti rektori (Rossiya Federasiyasi):

— O‘zbekistonda inson kapitaliga, ta’lim rivojiga katta e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatingizning taraqqiyot yo‘li juda to‘g‘ri tanlangani islohotlar natijasidan ham ko‘zga yaqqol tashlanmoqda. Bunday keng qamrovli o‘zgarishlar jarayonida ayollarga, ularning jamiyatda o‘rni va mavqeini topishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Zero, avlodlar davomchilari, tarbiyachilari ham aynan ayollardir.

Hozir barcha yo‘nalishda, jumladan, muzey sohasida ham ijodiy loyihalar paydo bo‘lmoqda. Ayni paytda deyarli barcha muzey va kutubxonalarda raqamli texnologiyalar joriy etilmoqda. Shunday qilib, ekspozisiya va ko‘rgazmalar yaratishda dizaynerlarga tobora ko‘proq murojaat qilinmoqda. Yuqori sifatli muzey va ko‘rgazma mahsulotini olish uchun dizaynerlar, dasturchilar va gamifikasiya sohasidagi mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlash kerak. Universitetimiz muzey va kutubxona sohasida raqamli texnologiyalar bilan ishlash bo‘yicha katta tajriba to‘plagan va biz tajribamizni o‘rtoqlashishga tayyormiz.

Afnan AL-SHUYBI, Islom hamkorlik tashkiloti tarkibidagi Ayollarni rivojlantirish tashkiloti ijrochi direktori: 

— Avvalambor, O‘zbekistonda bo‘lib turganim va mehmondo‘st xalqingiz bilan muloqot qilganimdan juda mamnunman. Men Saudiyadan tashrif buyurdim, ammo shtab kvartiramiz Qohirada joylashgan. Men nafaqat Saudiya, balki bizning tashkilotimizga a’zo 7 nafar Islom mamlakatlari nomidan gapirmoqchiman. Hozirgi kunda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ayollarni ta’lim olishiga yaratilayotgan imkoniyatlar, shuningdek, ayollarning ish bilan band qilish yo‘nalishidagi islohotlar bo‘yicha O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyo davlatlarida, balki butun islom olamida yetakchilik qilmoqda. Har bir mamlakatning o‘z tajribasi bor, ammo O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tajribalarni boshqa musulmon mamlakatlariga ommalashtirish va andoza olish uchun juda ko‘p islohotlarni ko‘rdim va o‘rgandim. Chunki, ayollar farzandini baxtli qilishi uchun bu diyorda hamma imkoniyatlar yaratilgan.

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri

Risolat MADIYEVA yozib oldi.