Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatida davlatlararo munosabatlar faqat siyosiy muloqot yoki iqtisodiy manfaatlar emas, balki taʼlim, ilm- fan va inson kapitalini rivojlantirish orqali mustahkamlanayotgani ham bor gap.

Prezidentimizning yaqinda Tur­kiyaga navbatdagi rasmiy tashrifi har tomonlama aloqalarni mazmunan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Mazkur tashrif doʻstlik rishtalari­ga tayangan munosabatlarni zamonaviy strategik sheriklik darajasiga koʻta­rish, eng muhimi, kelgusi taraqqiyotni belgilovchi sohalar, xususan, taʼlim va innovatsiyalarni hamkorlik asosiga aylantiradi.

Bu galgi tashrif ikki davlat oʻr­tasida siyosiy ishonch, iqtisodiy teng manfaatdorlik va intellektual salo­hiyat uygʻunlashayotganini yaqqol namoyon etdi. Ayniqsa, oliy taʼlim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratilgani tash­rifning uzoq muddatli ahamiyatini belgilab bermoqda. Davlat rahbarla­rining tor doiradagi uchrashuvi, oliy darajadagi Strategik hamkorlik ken­gashining toʻrtinchi yigʻilishidagi ish­tiroki bilan bir qatorda Istanbulda birinchi oʻzbek maktabining barpo eti­lishi ikki mamlakat oʻrtasida ilm-fan sohasidagi hamkorlikning oʻziga xos namunasi sifatida tarixga muhrlandi.

Har bir davlatning raqobatbar­doshligi taʼlim tizimi bilan baho­lanadi. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi hamkorlikda taʼ­lim masalasining ustuvor yoʻnalish sifatida oʻrin egallagani bejiz emas. Soʻnggi yillarda ikki davlat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida qoʻshma taʼlim dasturlari, akademik alma­shinuv, ilmiy tadqiqotlar va pedagog kadrlar tayyorlash boʻyicha tizimli ish­lar bajarilmoqda.

Yurtimizda taʼlim sohasiga qara­tilayotgan yuksak eʼtibor oliy taʼlim muassasalari oldiga yangi vazifa­larni qoʻymoqda. Xalqaro tashriflar natijasida berilayotgan imkoniyatlar oʻqitish sifatini oshirish, xalqaro tajribani atroflicha oʻrganish va uni milliy taʼlim tizimiga moslashti­rishni talab etadi. Turkiya univer­sitetlari bilan hamkorlik yoshlari­mizning dunyoqarashini kengaytirish, ilmiy salohiyatini oshirish va global raqobatga tayyor mutaxassislar etib tayyorlashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi. Xususan, mamlakatning ilgʻor OTMlar 1000 taligi roʻyxatidan oʻrin olgan nufuzli universitetlari bilan hamkorlik qilish uchun Buxoro davlat pedagogika instituti ham salmoqli odimlar qoʻymoqda. Jumladan, Yil­diz texnika, Hajettepe, Hoji Bayram Vali, Gazi universitetlari bilan qator istiqbolli hamkorlik yoʻna­lishlari boʻyicha anglashuv memoran­dumlari imzolandi. Memorandumlar doirasida professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvi, magistratura va doktorantura darajasida ilmiy rahbarlik, ikki diplomli dastur­lar, shuningdek, Erasmus+ va boshqa xalqaro grantlar boʻyicha hamkorlik­ni yoʻlga qoʻyish masalalari kelishib olindi. Oʻzbek tili, madaniyati va milliy sanʼatini yanada yuksak koʻta­rish, oʻzbek tili darslarini Buxoro davlat pedagogika instituti profes­sor-oʻqituvchilari ishtirokida Tur­kiya universitetlarida onlayn oʻtish, miniatyura sanʼatini rivojlanti­rish maqsadida oliygohlar oʻrtasida talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻ­yish boʻyicha aniq mexanizmlar ishlab chiqildi.

Davlatimiz rahbarining Tur­kiyaga rasmiy tashrifi ikki davlat oʻrtasidagi savdo hajmini oshirish, qoʻshma korxonalar sonini koʻpayti­rish, transport sohasidagi faoliyat­ni mustahkamlash, eng muhimi, yoshlar va taʼlim sohasidagi aloqalarni kengaytirish — hamkorlikning uzoq muddatli poydevorini yaratishga xizmat qiladi. Yangi Oʻzbekiston ta­raqqiyot yoʻlining asosiy yoʻnalishi sifatida taʼlim va ilm-fan sohasi tanlangani esa shu yoʻlda qatʼiy qa­dam qoʻyish zarur ekanini koʻrsatib berdi. Bugun yoʻlga qoʻyilayotgan hamda erishilayotgan muhim siyosiy va ham­korlik kelishuvlari yaqin orada sama­ra berishi shubhasiz. Chunki bilimli va zamonaviy fikrlaydigan yosh avlod taʼlimiga qaratilgan eʼtibor yorqin kelajak sari qoʻyilgan eng ishonchli qadamdir.

Bahodir MAʼMUROV,

Buxoro davlat pedagogika

instituti rektori, pedagogika fanlari doktori,

professor

Hamkorlik materiali