Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatida davlatlararo munosabatlar faqat siyosiy muloqot yoki iqtisodiy manfaatlar emas, balki taʼlim, ilm- fan va inson kapitalini rivojlantirish orqali mustahkamlanayotgani ham bor gap.
Prezidentimizning yaqinda Turkiyaga navbatdagi rasmiy tashrifi har tomonlama aloqalarni mazmunan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Mazkur tashrif doʻstlik rishtalariga tayangan munosabatlarni zamonaviy strategik sheriklik darajasiga koʻtarish, eng muhimi, kelgusi taraqqiyotni belgilovchi sohalar, xususan, taʼlim va innovatsiyalarni hamkorlik asosiga aylantiradi.
Bu galgi tashrif ikki davlat oʻrtasida siyosiy ishonch, iqtisodiy teng manfaatdorlik va intellektual salohiyat uygʻunlashayotganini yaqqol namoyon etdi. Ayniqsa, oliy taʼlim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratilgani tashrifning uzoq muddatli ahamiyatini belgilab bermoqda. Davlat rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi, oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining toʻrtinchi yigʻilishidagi ishtiroki bilan bir qatorda Istanbulda birinchi oʻzbek maktabining barpo etilishi ikki mamlakat oʻrtasida ilm-fan sohasidagi hamkorlikning oʻziga xos namunasi sifatida tarixga muhrlandi.
Har bir davlatning raqobatbardoshligi taʼlim tizimi bilan baholanadi. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi hamkorlikda taʼlim masalasining ustuvor yoʻnalish sifatida oʻrin egallagani bejiz emas. Soʻnggi yillarda ikki davlat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida qoʻshma taʼlim dasturlari, akademik almashinuv, ilmiy tadqiqotlar va pedagog kadrlar tayyorlash boʻyicha tizimli ishlar bajarilmoqda.
Yurtimizda taʼlim sohasiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor oliy taʼlim muassasalari oldiga yangi vazifalarni qoʻymoqda. Xalqaro tashriflar natijasida berilayotgan imkoniyatlar oʻqitish sifatini oshirish, xalqaro tajribani atroflicha oʻrganish va uni milliy taʼlim tizimiga moslashtirishni talab etadi. Turkiya universitetlari bilan hamkorlik yoshlarimizning dunyoqarashini kengaytirish, ilmiy salohiyatini oshirish va global raqobatga tayyor mutaxassislar etib tayyorlashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi. Xususan, mamlakatning ilgʻor OTMlar 1000 taligi roʻyxatidan oʻrin olgan nufuzli universitetlari bilan hamkorlik qilish uchun Buxoro davlat pedagogika instituti ham salmoqli odimlar qoʻymoqda. Jumladan, Yildiz texnika, Hajettepe, Hoji Bayram Vali, Gazi universitetlari bilan qator istiqbolli hamkorlik yoʻnalishlari boʻyicha anglashuv memorandumlari imzolandi. Memorandumlar doirasida professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvi, magistratura va doktorantura darajasida ilmiy rahbarlik, ikki diplomli dasturlar, shuningdek, Erasmus+ va boshqa xalqaro grantlar boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari kelishib olindi. Oʻzbek tili, madaniyati va milliy sanʼatini yanada yuksak koʻtarish, oʻzbek tili darslarini Buxoro davlat pedagogika instituti professor-oʻqituvchilari ishtirokida Turkiya universitetlarida onlayn oʻtish, miniatyura sanʼatini rivojlantirish maqsadida oliygohlar oʻrtasida talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish boʻyicha aniq mexanizmlar ishlab chiqildi.
Davlatimiz rahbarining Turkiyaga rasmiy tashrifi ikki davlat oʻrtasidagi savdo hajmini oshirish, qoʻshma korxonalar sonini koʻpaytirish, transport sohasidagi faoliyatni mustahkamlash, eng muhimi, yoshlar va taʼlim sohasidagi aloqalarni kengaytirish — hamkorlikning uzoq muddatli poydevorini yaratishga xizmat qiladi. Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot yoʻlining asosiy yoʻnalishi sifatida taʼlim va ilm-fan sohasi tanlangani esa shu yoʻlda qatʼiy qadam qoʻyish zarur ekanini koʻrsatib berdi. Bugun yoʻlga qoʻyilayotgan hamda erishilayotgan muhim siyosiy va hamkorlik kelishuvlari yaqin orada samara berishi shubhasiz. Chunki bilimli va zamonaviy fikrlaydigan yosh avlod taʼlimiga qaratilgan eʼtibor yorqin kelajak sari qoʻyilgan eng ishonchli qadamdir.
Bahodir MAʼMUROV,
Buxoro davlat pedagogika
instituti rektori, pedagogika fanlari doktori,
professor
Hamkorlik materiali