Mustaqil ta’lim uchun yagona namunaviy tartib joriy qilinmoqda

    Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida “Oliy ta’lim muassasalarida talabalar mustaqil ta’limini tashkil etish” mavzusida seminar tashkil etildi.

    Seminarda mustaqil ta’lim soatlari ulushini oshirish, talabalarning mustaqil ta’lim olishi, tanqidiy va ijodiy fikrlashi, tizimli tahlil qilish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, o‘quv jarayonida kompetensiyalarni kuchaytirishga qaratilgan metodika va texnologiyalarni joriy etish, ijodiy yaratuvchanlik, tadqiqotchilik, mantiqiy tafakkurni rivojlantirishga erishish mavzularida so‘z bordi.

    – Talabalarning mustaqil ta’limini yo‘lga qo‘yish maqsadida ishchi guruh shakllantirilib, oliy ta’lim muassasalarida talabalarning mustaqil ta’limini tashkil etish bo‘yicha yagona namunaviy tartibni ishlab chiqish ishlari boshlandi, – deydi Oliy ta’limni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot markazi boshqarma boshlig‘i, pedagogika fanlari doktori, dots.nt Ochil Zaripov. – Professor-o‘qituvchilardan tashkil topgan ishchi guruhning fikr-mulohazalari orqali har bir soha xususiyatidan kelib chiqib, talabalar va professor o‘qituvchilar uchun qulay bo‘lgan yagona namunaviy tartibni ishlab chiqish ustida ishlar olib borilyapti.

    Seminarda OTMlardan tashrif buyurgan malakali professor-o‘qituvchilar ishtirok etib, talabalarning mustaqil ta’limini tashkil etish bo‘yicha o‘zlarining takliflarini bildirdi.

    Shuningdek, ishchi guruh tomonidan tayyorlangan mustaqil ta’limini tashkil etishning yagona namunaviy tartibni yanada chuqurroq tahlil qilib, har bir kamchiliklarni to‘g‘rilagan holda oliy ta’lim muassasalarining o‘quv jarayonlarida foydalanishlari uchun namuna sifatida taqdim qilish belgilandi.

    Mansurbek Jabborov