Mustaqilligimizning qutlugʻ 33-yili: daʼvat va burch

    Bugun yurtimiz boʻylab istiqlol shukuhi, mustaqillik shukronasi davom etmoqda. Yangi Oʻzbekistonda otayotgan har bir yangi tong xayrli maqsadlarimiz sari yoʻl ochayotgani xalqimizning tinch va baxtli hayotida yaqqol aks etmoqda. Vatanimiz mustaqilligining qutlugʻ oʻttiz uch yillik tantanalari barcha oilalarga, yurtdoshlarimiz qalbiga kirib borayotir, har birimizning tillarimiz va dillarimizda “Yurtning kuchi birlikda, qadri esa tinchlikdadir” degan oʻtli soʻzlar jarang sochmoqda.

    Istiqlolimizning shonli bayramiga bagʻishlangan tantanada davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev soʻzlagan nutqini tinglar ekanmiz, uni barchamiz tom maʼnoda buyuk kelajakni birgalikdan, birdamlikda barpo etishga undovchi oʻtli daʼvat sifatida qabul qildik, desak xato boʻlmaydi. Aytish kerakki, yurtboshimiz nutqi butun xalqimizni yana bir bor Yangi Renessans sari ruhlantira oldi, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizni marrani baland olishga, turli sohalarda yutuq va zafarlarga erishishga undadi.

    Muhtaram Yurtboshimiz xalqimizga yuzlanar ekan, har bir ishimiz, har bir yutugʻimizda Istiqlolning buyuk qudrati yorqin namoyon boʻlayotgani, Vatanimiz dunyoga, dunyo esa yurtimizga keng ochilayotgani, mintaqamiz va butun jahonda hamkorlarimiz, doʻstlarimiz koʻpayayotganini faxr bilan tilga oldi.

    Davlatimiz rahbarining “Muammolarimizning yechimi, savollarimizning javobi faqat va faqat taʼlimda, hamma eshiklarni ochadigan kalit ham faqat va faqat taʼlimda va tarbiyadadir. Yorugʻ va nurafshon kelajagimizni, Yangi Oʻzbekistonni, albatta, barpo etamiz”, — degan soʻzlari, ayniqsa, biz taʼlim sohasi vakillari uchun muhim dasturulamal boʻldi. Chindan ham, bu asrlar davomida anglab yetilgan haqiqatki, ilm-maʼrifat, taʼlim-tarbiyasiz buyuk istiqbolni yaratib boʻlmaydi. Buni chuqur anglagan holda mamlakatimizda olib borilayotgan taʼlim tizimidagi islohotlarga qancha xayrixoh boʻlsak, qanchalik faol boʻlsak, shuncha arziydi. Zotan, islohotlar samarasi oʻlaroq, bugun barcha sohalar, xususan, oliy taʼlim tizimidagi yutuq va muvaffaqiyatlar xalqaro standartlarga tenglashib, rivojlangan mamlakatlar taʼlim tizimi bilan bemalol bellashmoqda. Talaba-yoshlarning bilimsevarligi, yosh tadqiqotchilarning ilmiy izlanuvchanligi, ayniqsa, professor-oʻqituvchilarning fidoyiligi ilm-fanni yuqori natijalar sari yetaklamoqda.

    Bir soʻz bilan aytganda, Prezidentimiz nutqidagi har bir soʻz, har bir fikr bizni qayta “uygʻotdi”, burchimizni uqtirdi, oʻzligimizni anglatib, yoshlarimiz, xalqimiz buyuk va xayrli ishlarga qodir ekanligini yana bir bor eslatdi. Shu yurtning fuqarosi, yosh va barkamol avlodni tarbiyalashga hissa qoʻshishni maqsad qilgan pedagog sifatida aytish kerakki, fidokorona mehnati bilan yangi hayot binosini barpo etayotgan buyuk xalqimizga, Prezidentimizga yelkadosh va koʻmakdosh boʻlishga barchamiz burchlimiz.


    Odiljon Raxmatov,

    FarDUning Fizika-matematika fakulteti

    dekani oʻrinbosari


    Hamkorlik materiali