Mustaqillik bayrami arafasida kitoblar taqdimoti oʻtkazildi

    Madaniyat 18 Avgust 2022 1760

    Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 31 yillik bayrami munosabati bilan Xorazm viloyati Tuproqqalʼa tumanida yangi kitob taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Tuproqqalʼa tuman boʻlinmasi tashabbusi bilan “Dolzarb oʻn kunlik” loyihasi doirasida tashkil etilgan taqdimot tadbirida Meryam Gurbuz qalamiga mansub “Xorazmshohlarda davlat tashkiloti, iqtisodiy va madaniy hayot” kitobi taqdim etildi va kitobning qisqacha mazmuni kitobsevar ishtirokchilarga tanishtirildi.

    Taqdimotda maktablarning tarix, tarbiya, adabiyot fan oʻqituvchilari hamda keng jamoatchilik qatnashdi.

    Meryam Gurbuz qalamiga mansub kitob Xorazm viloyati Maʼnaviyat va maʼrifat Kengashi “Jaloliddin Manguberdi” fondi tomonidan nashrga tayyorlandi.

    Kitob turkiyalik tadqiqotchi Meryam Gurbuzning 2005-yilda Turkiyada himoya qilingan doktorlik dissertatsiyasidir. Meryam Gurbuz juda koʻplab oʻrta asr tarixiy manbalari, arxeologik, numzmatik, etnografik, lingvistik kabi koʻplab jihatlarga koʻra Xorazmshohlar davlati tashkiloti, iqtisodiy va madaniy hayotini oʻrganadi. Gʻarb tadqiqotchilari, arab, fors, rus, urdu tilida qilingan juda koʻplab tadqiqot ishlarini tahlil doirasiga tortadi.

    Kitobning birinchi boʻlimida xorazmshohlar davlatida taxtga chiqish tartibi, boshqaruvdagi unvonlar, pul tizimi, davlat ramzlari, davlatning harbiy quvvati va uning tarkibi, qurol-aslahalari, iqto tizimi, qozilik tizimi kabi masalalarga eʼtibor qaratilgan.

    Ikkinchi boʻlimda xorazmshohlarda iqtisodiy hayot: qishloq xoʻjaligi, chorvachilik, soliq tizimi va toʻlovlar kabi masalalar yoritiladi. Uchinchi boʻlimda esa xorazmshohlar davlatida madaniy hayot: ilm-fan, bunyodkorlik faoliyati, til masalasi kabi jihatlar aniq manbalar asosida muhokama qilinadi. U xorazmshohlar davlatidagi boshqaruv anʼanalarini Buyuk Saljuqiylar davlati anʼanalari davomchisi sifatida koʻradi. Juda koʻplab holatlarda ularni solishtiradi va koʻp bora bunga urgʻu beradi.

    Kitob Tarjimon Nazarbek Rahim tomonidan oʻzbek tiliga oʻgirilgan boʻlib, oʻziga xos dizayn va yuqori poligrafik sifatda nashr etilgan.

    Tuman hokimining maslahatchisi G.Sobirova Meryam Gurbuz qalamiga mansub “Xorazmshohlarda davlat tashkiloti, iqtisodiy va madaniy hayot” kitobining mazmun mohiyati, yoshlar tarbiyasidagi oʻrni va ahamiyati haqida fikr yuritdi. Shundan soʻng kitobdan oʻrin olgan Xorazmshohlar davri lavozimlarining oʻsha davrdagi nomlanishini oʻqib berdi. Keng jamoatchilikka ushbu kitobni oʻqishni tavsiya qildi. Shuningdek, tumanimizda ham buyuk tarixchilar yetishib chiqishi yoʻlida birgalikda harakat qilish lozimligini taʼkidladi. Taqdimot yakunida ishtirokchilarga kitoblar jamlanmasi sovgʻa qilindi.

    Fatima Seydabdullayeva,

    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

    Tuproqqalʼa tuman boʻlinmasi rahbari.