Mustaqillik bayrami tadbirlarida xavfsizlikni taʼminlashga 30 ming xodim jalb qilinadi

    Xodimlarga xizmatda foydalanish uchun 3 037 ta metallodetektor, 1 587 ta avtotransport, 7 881 ta aloqa vositalari va 267 bosh xizmat itlari ajratildi.

    AOKAda Ichki ishlar vazirligi JXD axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova ishtirokida oʻtkazilgan brifingda bayram tadbirlari davomida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

    Tadbirlar davomida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni taʼminlash uchun 16 832 nafar ichki ishlar organlari, 4 677 nafar Milliy gvardiya, 1 943 nafar Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari va harbiy xizmatchilari hamda 7 244 nafar jamoatchilik vakillari jalb etilmoqda.

    Xodimlarga xizmatda foydalanish uchun 3 037 ta metallodetektor, 1 587 ta avtotransport, 7 881 ta aloqa vositalari va 267 bosh xizmat itlari ajratildi.

    Bayram tadbirlari oʻtkaziladigan obyektlarda 2 107 ta videokuzatuv kameralari oʻrnatilib, shundan 452 tasi hududiy ichki ishlar organlariga integratsiya qilindi hamda onlayn nazorat oʻrnatildi.

    Bayram tadbirlari oʻtkaziladigan joylardan 150 metr uzoqlikda 396 ta avtoturargohlar tashkil etildi.

    Bundan tashqari, bayram tadbirlari va xalq sayillari oʻtkaziladigan joylarda transport vositalarining toʻgʻridan-toʻgʻri kirib kelishini oldini olish maqsadida, temir panjara, beton toʻsiq va taranlar oʻrnatiladi.

    Zaruriy holatlarda esa, ayrim koʻcha va yoʻllarda harakatning cheklanishi sababli, aylanma yoʻllar tashkil etiladi.

    Mazkur joylarga faqat xizmat koʻrsatish transport vositalarining kirishiga ruxsat beriladi.