O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 2020-yil 11-noyabrda bo'lib o'tgan VIII Qurultoyida 2021-yilda “Mustaqillikning o'ttiz yilligiga — o'ttizta yangi ish o'rni” ni yaratish tashabbusi e'lon qilingan edi.

Shundan so'ng O'zbekiston temiryo'lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Q.Sabirov hamda “O'zbekiston temir yo'llari” aksiyadorlik jamiyatining “Buxoro mintaqaviy temir yo'l uzeli” unitar korxonasi rahbari A.Ergashevlar tomonidan O'zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining o'ttiz yilligi munosabati bilan kasaba uyushmalari tomonidan ish o'rinlari yaratishning manzilli dasturi yuzasidan 30 ta ish o'rniga mo'ljallangan tikuvchilik sexini tashkil qilish rejalashtirildi. Ushbu xayrli ishni Buxoro viloyati Kogon tumanining cho'l zonasida joylashgan uzelga qarashli sanoat ishlab chiqarish majmuasi bazasida amalga oshirishga kelishildi.

Temiryo'lga ajratilgan ushbu xududda 2019-yildan buyon avvalo, soxaning extiyoji uchun, qolaversa, aholi talabini qondirish maqsadida buruschatka, g'isht bloklari, tikanli sim kabi qurilish materiallarini ishlab chiqarish yo'lga qo'yilgan bo'lib, maxsus kiyim-bosh tikishga yo'naltirilgan tikuvchilik sexi esa to'rtinchi yo'nalish sifatida tashkil etildi. Qisqa muddatlarda qurib bitqazilgan binoda ishchilar uchun barcha shart-sharoitlar muxayyo qilindi. “Buxoro mintaqaviy temir yo'l uzeli” unitar korxonasida tashkil qilingan ushbu sexga Xitoy Xalq Respublikasida ishlab chiqarilgan tikuv mashinalari va uskunalari xarid qilinib, O'zbekiston temiryo'lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan 60 million so'm, Buxoro mintaqaviy temir yo'l uzeli hududiy kasaba uyushmasi qo'mitasi tomonidan 61 million so'm mablag' sarflandi.

Va nihoyat, istiqlolimizning 30 yillik to'yiga to'yona sifatida 30 kishiga mo'ljallangan tikuvchilik tsexining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi. So'zga chiqqanlar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda so'nggi 5 yilda olib borilayotgan siyosiy va iqtisodiy islohotlarning bosh mezoni xalqimizga xizmat qilish, yurtdoshlarimizni bu hayotdan rozi bo'lishi uchun ularning turmushini farovon qilish asosiy maqsadga aylanganini aytib o'tdilar. 

— Mamlakatimiz hayotida sodir bo'layotgan tarixiy o'zgarishlarga temiryo'lchilar ham munosib hissa qo'shayotgani esa shu sohada faoliyat ko'rsatayotgan har bir mutaxassisga g'urur va iftixor bag'ishlaydi, — dedi M.Rozimetov. — “Yangi O'zbekistonda erkin va farovon yashaylik” shiori bilan o'tayotgan har bir kunimiz bunyodkorliklarga boy bo'lmoqda. Bugun ochilgan yangi tikuv sexi va 30 ta yangi ish o'rnini yaratilishi mustaqilligimizning 30 yillik bayrami arafasiga to'g'ri kelishida ham o'ziga xos ramziy ma'no bor. Biz kelgusida respublikamizning boshqa hududlarida ham yangi ish o'rinlarini yaratishga, ishchi-xodimlarning ijtimoiy hayotini yanada yaxshilashga katta e'tibor qaratamiz.

30 nafar ishchi doimiy ish bilan ta'minlanib, mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Kasaba uyushmasiga a'zolikka ham qabul qilindi.

Bundan tashqari, ochilish marosimidagi tadbirda temir yo'l transporti sohasida ko'p yillik samarali mehnatlari, ushbu tikuvchilik tsexini barpo etishga munosib xissasini qo'shgan, tashabbuskor va tashkilotchi shuningdek, jamoat ishlarida faol ishtirok etgan 100 nafar “Buxoro mintaqaviy temir yo'l uzeli” UK ishchi-xodimlari bayram arafasida Buxoro mintaqaviy temir yo'l uzeli kasaba uyushma hududiy qo'mitasining qimmatbaho esdalik sovg'alari bilan taqdirlandilar.

Yaxshi niyatlar bilan ochilgan ushbu tikuvchilik sexidagi rejalar bisyor. Mustaqilligimizning keyingi shonli sanalarida ulkan natijalari bilan, maxsulotlarining sifati va xaridorgirligi bilan Respublikadagi eng yaxshi tikuvchilik tsexlari qatoridan joy olsa ne ajab.

Nazokat NURMATOVA,

O'zbekiston temiryo'lchilari va

transport quruvchilari kasaba uyushmasi

 Respublika Kengashi

Mehnatkashlarning ijtimoiy –iqtisodiy

 manfaatlarini himoya qilish

bo'limi yo'riqchisi