Joriy yilning 13-mart Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida poytaxtdagi 10 ta xorijiy va nodavlat oliy taʼlim muassasasi jamoalari oʻrtasida mini-futbol boʻyicha anʼanaviy 16-Talabalar ligasi boʻlib oʻtgan.

Musobaqada Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti va Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti jamoasi oʻzaro bahs olib borgan. Oʻyinning ikkinchi taymi tugashiga bir daqiqa qolganda toʻp maydon tashqarisiga chiqib ketgan va oʻsha vaziyatda ikki futbolchi-talaba tortishib qolgan. Futbolchilarining oʻzaro tortishuviga tribunadagi muxlislar maydonga tushib qoʻshilishgan va oqibatda tortishuv kengaygan.

Hakamlar tomonidan oʻyin toʻxtatilib, institut xavfsizlik xizmati xodimlari zudlik bilan talabalarni ajratgan va tinchlantirgan. Tortishuvda hech bir talaba tan jarohati olmagan. Oʻyinchilar bir-biridan uzr soʻrab, oʻzaro kelishib olgan.

Holat aks etgan videotasvirlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng jamoatchilik orasida qizgʻin muhokamalarni keltirib chiqardi. Turli bahs-munozaralar jarayonida aslida talaba-yoshlar oʻrtasida boʻlgan oʻzaro tortishuv mohiyatidan uzoqlashib, ommani chalgʻituvchi notoʻgʻri talqin, xato maʼlumotlar yuzaga keldi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan ushbu holat tezkorlik bilan nazoratga olinib, uning kelib chiqish sabablari oʻrganildi, musobaqani oʻtkazishga masʼul boʻlgan rahbar-xodimlar hamda ishtirokchi-talabalarning harakatiga baho berildi.

Mazkur holatning kelib chiqishiga sababchi boʻlgan mutasaddilar va talabalarga nisbatan intizomiy choralar koʻriladi.

Ushbu holat shu kunning oʻzida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri boshchiligida muhokama qilinib, kelgusida bu kabi salbiy holatlar takrorlanmasligi yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrilishi belgilab olindi.