Xoʻsh, buning uchun nima qilish kerak?
Ushbu savolga Salomatlik va strategik rivojlanish instituti boʻlim boshligʻi, tibbiyot fanlari nomzodi Feruza Tohirova batafsil javob berdi.
— Qorin sohasining kattaligi, yaʼni abdominal semizlik – ayollarda bel aylanasining 80 sm.dan, erkaklarda 94 sm.dan katta boʻlishi, — deydi mutaxassis. — Bu holat oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaydi. Gormonal oʻzgarishlar, notoʻgʻri ovqatlanish, kamharakatlik, yoshga doir oʻzgarishlar va irsiyat kabi omillar bunga sabab boʻlishi mumkin.
Ayniqsa, abdominal semizlik rivojlanishining asosiy sababi – isteʼmol qilingan ovqatdagi kaloriyaning sarf qilinadigan quvvatdan koʻp boʻlishidir.
Maʼlumki, inson oʻzining faoliyati uchun ovqat orqali quvvat oladi. Agar u yetarlicha sarflanmasa, isteʼmol qilingan taom ortiqcha yogʻ toʻqimasi koʻrinishida, avvalo, qorin sohasida yigʻiladi. Yaʼni, bu degani, koʻp ovqat tanovul qilib, kam harakat qilish abdominal semizlikka olib keladi.
Shu bois inson qanchalik koʻp kaloriyali ovqat isteʼmol qilsa, shunchalik koʻp jismoniy faol boʻlishi va bu kaloriyani sarflashi lozim.
Aks holda qorin qoʻygan erkaklarda jismoniy faollik susayib, uyqu maromining buzilishi, nafas qisishi kabi muammolar kuzatiladi. Bu esa yurak faoliyati bilan bogʻliq oʻzgarishlarning boshlanayotganidan darak.
Qolaversa, bunday insonlarda:
- qandli diabet 2-turi;
- qonda lipidlar va xolesterin miqdorining ortishi;
- tomirlar aterosklerozi;
- boʻlmachalar fibrillyatsiyasi;
- qon tomirlarda tromblar hosil boʻlishi;
- infarkt yoki insult;
- arterial gipertenziya (qon bosimini oshishi);
- reproduktiv funksiyaning buzilishi (farzandsizlik);
- saraton kabi kasalliklar xavfi yuqori boʻladi.
Shu bois ular, avvalo, vazn ortishi sabablarini aniqlash uchun shifokorga murojaat qilishi lozim. Agar davolovchi mutaxassis muolaja tartibini belgilab, maʼlum turdagi preparatlarni buyursa, koʻrsatmalarga amal qilish shart.
Shuningdek, taomlar kaloriyasini cheklash, ertalabki badantarbiya mashqlarini bajarish, kuniga 30-40 daqiqa piyoda yurish, yarim tayyor yeguliklar, yogʻli, qovurilgan taomlar, shirinlik, spirtli va gazli ichimliklardan voz kechish, koʻproq toza suv ichish hamda meva-sabzavotlar isteʼmol qilish ham qorindagi ortiqcha yogʻlardan xalos boʻlishga yordam beradi.