Shu bois xalqaro hujjatlarda goʻdaklarni 6 oygacha istisnosiz koʻkrak suti bilan parvarishlashni muhofaza qilish va qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar jamiyat salomatligini saqlashdagi muhim vazifa ekanligi belgilab qoʻyilgan.
Ona suti — hayotning birinchi yilidagi bolalar uchun eng ideal ozuqa, — deydi Respublika perinatal markazi direktori Nilufar Oʻrinboyeva. — U oʻzida vitaminlar, gormonlar va antitelalar kabi hayot uchun muhim boʻlgan foydali moddalarni kerakli miqdorda jamlagan. Uning oʻrnini, hatto, eng sifatli va qimmat sunʼiy ozuqa mahsuloti ham bosolmaydi.
Ajablanarlisi, ona suti kunning vaqtiga va bolaning yoshiga qarab oʻzgarib turadigan noyob tarkibga ega. Chaqaloq tugʻilganda ogʻiz suti boʻlib, u ulgʻaygani sayin oqsillar, yogʻlar, uglevodlar, immun komponentlar va antigenik tarkib oʻzgarib boradi. Hatto, ogʻiz sutini bolaning birinchi emlashi deb ham atash mumkin. Chunki u eng koʻp miqdordagi antikorlarni oʻz ichiga oladi.
Faqat ona sutidagina bolaning toʻliq rivojlanishi uchun zarur boʻlgan muhim amino- va yogʻli kislotalar mavjud. Bu neʼmat goʻdakda allergik reaksiya hosil qilmaydi. Undagi zardob oqsillari esa kichkintoyning hujayralariga oʻxshagani uchun osongina soʻriladi va qonga oʻzgarmagan holda kiradi.
Qolaversa, bu ozuqa kuchli infeksiyaga qarshi xususiyatga ega. Aytish lozimki, goʻdak hayotining birinchi yilida uning immuniteti yetuk boʻlmaydi (u faqat 3 yoshda shakllanadi). Shu bois, har bir ona emizish orqali oʻz farzandiga kerakli himoyani bera oladi. Yaʼni, ona suti yozda ichak infeksiyalari, qishda virusli va bakterial kasalliklardan asraydi.
Bundan tashqari, bu bebaho neʼmat bilan oziqlanib, ulgʻaygan bolalar har tomonlama yaxshi rivojlanadi. Raxit, kamqonlik kasalligi, oshqozon-ichak faoliyatining buzilishi kabi xastaliklar deyarli kuzatilmaydi. Zotiljam bilan esa kamdan kam hollarda ogʻriydilar.
Afsuski, ayrim onalar qarshi koʻrsatma boʻlmasa-da farzandini koʻkrak suti bilan emas, balki sunʼiy oziqlantirish orqali katta qilishni afzal koʻradi. Bu bilan ular goʻdakni kasalliklarga duchor qilish xavfini oshiradi. Hatto, ayrim olimlar sunʼiy oziqlantirishni bola uchun “metabolik stress” deb ham ataydi. Bunday bolalar koʻpincha nafas olish va ichak infeksiyalariga moyil boʻlgani uchun maxsus tibbiy nazoratda boʻlishi kerak.
Shuningdek, emizish ona sogʻligʻi uchun ham juda muhim. Jumladan, emizish paytida ulardan ajraladigan gormonlar bachadonning qisqarishiga yordam berib, qon yoʻqotilishini kamaytiradi. Bu esa kamqonlik xavfini oldini oladi.
Shu bilan birga, bunday ayollar tugʻilgandan keyin tezroq tiklanadi. Emizikli onalar deyarli hech qachon tugʻuruqdan keyingi depressiyani boshdan kechirmaydilar. Ularda koʻkrak, tuxumdonlar va bachadon saratoni rivojlanish xavfi sezilarli darajada past boʻladi.
Bir soʻz bilan aytganda ona suti bilan oziqlantirish u va bola salomatligi uchun birdek foydali. Shu bois barcha ayollarga farzandini 6 oygacha istisnosiz ona suti bilan boqishni tavsiya qilamiz.