Aksincha, soʻnggi kunlarda dunyoning qator mamlakatlarida ushbu infeksiya bilan bogʻliq vaziyat yana murakkablashyapti. Ayniqsa, AQSH, Germaniya, Braziliya, Italiya, Tayvan va Ispaniya kabi davlatlarda kasallanishlar soni kundan kunga oshib borayotgani koʻpchilikni tashvishga solayotir.

Statistik raqamlarni tahlil qilsak, yurtimizda ham keyingi haftalarda COVID-19ga chalinish holatlari biroz ortganini koʻrish mumkin. Tabiiyki, mamlakatimizdagi epidemik oʻzgarish, eng avvalo, Zangiota 1 va 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonalari faoliyatida aks etadi.

Xoʻsh, bugun bu yerda vaziyat qanday? Ushbu shifo maskanlarida qancha bemor davolanmoqda?

Maʼlum boʻlishicha, ayni paytda 4000 oʻringa moʻljallangan Zangiota 1 va 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida koronavirus tashxisi qoʻyilgan va kasallikka gumonlangan 900 nafarga yaqin bemor davolanmoqda. 93 nafar bemor esa jonlantirish boʻlimida davo muolajalarini olyapti.

— Oxirgi haftani inobatga olsak, yurtimizda kasallanishlar soni biroz ortganini koʻrish mumkin, — deydi Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Doniyor Mirazimov. — Ayni paytda muassasamizga kuniga oʻrtacha 70-80 nafar bemor murojaat qilib, ularning 25-30 nafari gospitalizatsiya qilinyapti.

Biroq shuni aytish kerakki, kasallanishlar soni oshgan boʻlsa-da, bugun shifoxonaga yotqizilayotgan aksariyat bemorlarda oʻpka zararlanishi, saturatsiyaning pasayishi kabi jiddiy asoratlar kuzatilayotgani yoʻq.

Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Zangiota kasalxonasida koronavirusga chalingan bemorlar soni keskin ortgani aytilmoqda...

— Oʻtgan yilning shu davri bilan taqqoslasak, bemorlar soni juda past, — deydi Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori oʻrinbosari Hilola Alimova. — Ayni paytda muassasamizga murojaat qilayotgan va gospitalizatsiyaga koʻrsatma boʻlgan bemorlarning barchasi shifoxonaga yotqizilib, ularga zarur tibbiy yordam koʻrsatilmoqda. Markazimiz yetarli darajada tibbiy anjom va dori vositalari bilan taʼminlangan.

Shu oʻrinda bemorlardan iltimos qilib soʻrardimki, agar oʻzingizda kasallik alomatlarini sezsangiz, Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga emas, avvalo, yashash hududingizdagi oilaviy poliklinika yoki oilaviy shifokor punktiga hamda Sanitariya epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining tuman boʻlimlariga murojat qilish maqsadga muvofiq boʻlar edi.

Sababi shifoxonamiz koronavirusga test topshiradigan yoki tana haroratini oʻlchaydigan muassasa emas. Balki COVID-19ga chalingan va xastalik ogʻir hamda oʻta ogʻir kechayotgan bemorlar davolanishi uchun moʻljallangan shifo maskanidir.

Shunday ekan, yurtdoshlarimizdan oʻzi va yaqinlari salomatligiga yanada eʼtiborli boʻlib, kasallikka qarshi oʻz vaqtida toʻliq dozalarda emlanishlarini soʻraymiz.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xixmati.