Mutaxassisligi boʻyicha 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar tavsiyanoma asosida oʻqishga qabul qilinadi

    Ta'lim 9 Iyun 2022 6554

    Hukumat qarori (322-son, 09.06.2022-y.) bilan tasdiqlangan nizomga koʻra, mutaxassisligi boʻyicha kamida 5 yil mehnat staji mavjud, biroq oliy maʼlumotga ega boʻlmagan xotin-qizlar davlat OTMga alohida qabul parametrlari (jami 500 ta kvota) doirasida toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadi.

    ▪️Bunda oʻqishga qabul qilish Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tavsiyanomasi asosida amalga oshiriladi.

    Oʻqishga kirish maqsadida tavsiyanoma olish uchun talabgor quyidagi mezonlarning barchasiga muvofiq kelishi kerak:

    ▫️oʻrta maxsus yoki professional taʼlim boʻyicha mutaxassislikka ega boʻlishi;

    ▫️tavsiyanoma olgunga qadar oliy taʼlim olmaganligi yoki olmayotganligi;

    ▫️oʻrta maxsus yoki professional taʼlim mutaxassisligi boʻyicha 5 yillik mehnat stajiga ega boʻlishi.

    ▫️ Tavsiyanoma berilgan kundan boshlab 3 yil davomida faqat bir marta OTMga qabul qilinishi uchun amal qiladi.

    Tavsiyanomaga ega xotin-qizlar uchun tanlovlar umumiy tartibda davlat OTMning bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish boʻyicha kirish imtihonlari (test sinovi, kasbiy (ijodiy) imtihon) doirasida oʻtkaziladi.

    ▪️ Kirish imtihonlari yakuniga koʻra talabalikka tavsiya etilmagan, biroq toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam boʻlmagan ballni toʻplagan tavsiyanomaga ega xotin-qizlar ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya etilgan holda toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga tavsiya etiladi.