Keyingi yillarda kitobxonlikni yuksaltirish yoʻlidagi qator tizimli ishlar samarasi bu borada erishilayotgan yutuqlarda aks eta boshladi. “Yosh kitobxon”, “Kitobxon oila”, “Kitobxon mahalla” kabi tadbirlarning anʼanaviy tus olayotgani quvonarli.
Ikki yildirki, hukumatning 2020-yil 14-dekabrdagi qarori bilan har yili aprel oyida tashkil etilayotgan “Kitobxonlik haftaligi” ham yaqin kelajakda anʼanaviy tadbirga aylanib, yildan yilga yangi qiyofa kasb etib bormoqda. Zero, 2022- 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida aholiga axborot-kutubxona xizmatini koʻrsatishni yanada rivojlantirish, kitobxonlikni keng ommalashtirish hamda “Kitobsevar millat” umummilliy gʻoyasini roʻyobga chiqarish maqsadi nazarda tutilgan.
Dushanba kuni Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida 18-23-aprel kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan bir qator manfaatdor idora va muassasalar hamkorligida “Kitobsevar millat” shiori ostida tashkil etilayotgan II respublika “Kitobxonlik haftaligi”ga start beriladi.
Oʻtgan yili ilk bor tashkil etilgan haftalikka asosan taʼlim muassasalari jalb etilgan boʻlsa, bu yilgi tadbirlar aholi gavjum joylar, istirohat bogʻlariga ham koʻchishi nazarda tutilgan. Xususan, madaniy-maʼrifiy tadbirlar, turli taqdimotlar, kitob savdosi koʻrgazma-yarmarkalari, intellektual sovrinli viktorinalar “Magic City” istirohat bogʻida oʻtkaziladi.
Haftalik doirasida yangi kitoblar taqdimoti, taniqli, yosh isteʼdodli yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar, noshir va matbaachilar bilan muloqotlar yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oʻstirish barobarida ularda matbaachilik, noshirlik sohalariga qiziqish uygʻotishda ham muhim omil boʻladi.
Respublikamizdagi mehribonlik va muruvvat uylari kutubxonalariga “Mehr kutubxonasi” ijtimoiy loyihasi doirasida kitoblar taqdim etiladi. Jurnalistika, filologiya, tarjimonlik yoʻnalishlarida tahsil olayotgan talaba-yoshlar uchun tashkil etiladigan mehnat yarmarkalari orqali yoshlar bandligini taʼminlash, noshirlik sohasida “ustoz-shogird” anʼanasini rivojlantirish va nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlashga erishish koʻzda tutilmoqda.
Shuningdek, haftalik doirasida “Noshirlik ishini yangi bosqichga olib chiqish, nashriyotlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash” mavzusida amaliy seminar, “Kutubxonachilar va noshirlar hamkorligi”, “Bolalar adabiyotini rivojlantirishning dolzarb muammolari” mavzularida ochiq muloqotlar va boshqa turli tadbirlar tashkil etiladi.
Bundan tashqari, haftalik doirasida tashkilotchilar tomonidan eng faol nashriyotlarni turli nominatsiyalar bilan taqdirlash, sohada uzoq yillar mehnat qilgan faxriylarni, kitob targʻibotchilari va ijodkorlarni ragʻbatlantirish ham rejalashtirilgan.
– Viloyatlarda ham “Mehr kutubxonasi” loyihasi doirasida maktab-internatlar, mehribonlik uylari, ixtisoslashgan maktab kutubxonalariga badiiy adabiyotlar sovgʻa qilinadi, – deydi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva. – Shuningdek, “Biz buyuk davlat, buyuk tarix buyuk madaniyat yaratgan xalqmiz” shiori ostida buyuk ajdodlarimiz madaniy meroslarini targʻib qilish uchun Fargʻona, Xorazm, Andijon viloyatlarida yirik tadbirlar boʻlib oʻtadi. Alisher Navoiy ijodiga bagʻishlangan katta anjuman esa Sirdaryo viloyati Axboro resurs markazida tashkil etiladi. Ushbu tadbirlarda onlayn tarzda butun aholi vakillari ham ishtirok etishi mumkin.
Haftalik doirasidagi tadbirlar turfa. Ularning har biriga oʻziga xos taʼrif berish qiyin emas. Ammo, fikrimizcha, haftalikda faol ishtirok etib, ularga jonli guvoh boʻlganingiz maʼqul.
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri