Muzaffar sirdaryoliklar peshqadamlar safida

    Sanoat 18 Oktabr 2020 1640

    Bu yil sirdaryoliklar uchun sinovli keldi. Avval koronavirus, ko'p o'tmay Sardoba suv ombori toshqini... Prezidentimizning, xalqimizning qo'llab-quvvatlovi bilan voha ahli tashvishli kunlarni mardonavor engib o'tdi.

    Bugun matonatli sirdaryoliklar yana bir tarixiy g'alabani qo'lga kiritdi. Gap shundaki, viloyatda 168 ming 399 tonna paxta terib olinib, ko'zlangan hosil oshig'i bilan, ya'ni 100,48 foizga bajarildi.

    Umumiy terilgan paxtaning 45 ming tonnasi mexanizatorlar hissasiga to'g'ri keldi. Ayniqsa 7 ta paxtachilik klasterining ulushi katta bo'ldi. Xususan “Bek klaster”, “Poli teks Sirdaryo” va boshqa klasterlar yuqori hosil etishtirib, paxtani yog'in-sochinli kunlarga qoldirmay terib olish choralarini ko'rdi.

    Mirzaobod, Xovos, Boyovut, Sayxunobod va Sirdaryo tumanlari paxtakorlari viloyatning umumiy xirmoni yuksalishida o'zining salmoqli hissasini qo'shdi.

    Hali fermerlar, dehqonlar dalasida hosil mo'l. Viloyat dehqonlari quyoshli kunlarning har bir daqiqasini g'animat bilib, etishtirilgan hosilini oxirigacha yig'ib-terib olishga bel bog'lagan.

    Ma'lumki, Sardoba suv ombori toshqinidan ayrim ekin maydonlari ham jiddiy zarar ko'rgan edi. Bu dehqonu fermerlarni yanada ko'proq mehnat qilishga undadi.