Muzbelda ikkita madaniy qatlam aniqlandi

    OʻzFA Milliy arxeologiya markazining “Qanqa ekspeditsiyasi paleolit boʻlimi” tomonidan Angren vohasi, Yangiobodsoy va Qorabogʻsoy yuqori oqimi, Muzbel hamda Koʻk shashir daralarida olib borilgan tadqiqot ishlari natijasida hududda bir qator arxeologik yodgorliklar topib oʻrganildi.

    Ekspeditsiya davomida oʻrta paleolit davriga tegishli Muzbel 1 manzilgoh-ustaxonasi aniqlanib, dastlabki qazuv ishlari amalga oshirildi. Mazkur yodgorlikning Oʻzbekiston paleolit davrini oʻrganishdagi ahamiyatini alohida taʼkidlab oʻtish kerak. Hozirda 2x1 m. hajmdagi maydonda olib borilgan qazish ishlari natijasida ikkita madaniy qatlam aniqlandi. Muzbel 1 manzilgoh-ustaxonasidan topib oʻrganilgan tosh artefaktlar tahlili yodgorlikni Obirahmat madaniyatiga oid yodgorliklar guruhiga mansubligi borasida dastlabki taxminlarni ilgari surish imkonini bermoqda.

    Bugungi kunda nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Oʻrta Osiyo paleoliti uchun mavjud muammolardan biri bu ochiq turdagi yodgorliklarda madaniy qatlamning buzilmagan holda saqlanishi muammosidir. Muzbel 1 yodgorligi madaniy qatlamlari sathidagi artefaktlarning yotish holati va oʻzaro bir-biri bilan bogʻliqlik hosil qilishi esa madaniy qatlamlarning yaxshi saqlanganligini koʻrsatmoqda.

    Aniqlangan yodgorliklarning ikkinchi, boshqa bir turkumi qoyatosh surʼatlari bilan bogʻliq boʻlib, Qorabogʻsoyning yuqori oqimi Koʻk shashir darasida turli davrlarga tegishli koʻplab qoyatosh suratlari aniqlandi. Qoyatosh suratlarida turli hayvonlar, inson hamda geometrik shakllar tasvirlangan. Ular ishlanish usuli va kompozitsiyasi jihatidan bir-biridan farqli va oʻxshash xususiyatlarga ega. Qoyatosh rasmlari ichida qadimgi sugʻd yozuvida bitilgan yozuv ham aniqlangan boʻlib, bu petrografik yodgorliklarning ijtimoiy-madaniy mansubligini aniqlash imkonini beradi.

    Qoʻlga kiritilgan maʼlumotlarning bir qismi yer yuzasidan topilgan topilmalar bilan bogʻliq. Muzbel 1 yodgorligi va Koʻk shashir darasida joylashgan adirlik yuzasidan topilgan ikkita tosh buyum qadimgi jamoalar toʻqimachilik yoki zargarlik hunarmandchiligi faoliyati haqida maʼlumot berishi mumkin. Bu kabi topilmalar noyob hisoblanadi. Hozirda ularning davri, analogiyasi hamda interpretatsiyasi haqida biror fikr yuritish qiyin.

    Tosh buyumlarning nimaligi va qanday vazifa bajarganligini trasologik tadqiqot natijasida aniqlash zarur. Bu kabi tosh buyumlarga oʻxshash tosh tumorlar soʻnggi paleolit davridan boshlab paydo boʻlgan. Koʻk shashirdan topilgan topilma Xakasiya hududidagi Kichik Sya yodgorligidan topib oʻrganilgan tosh tumorlarga oʻxshash. Har ikkala topilma yer yuzasidan topilgan boʻlsada ularning hududiy yaqinligi, hududda ushbu turdagi xom-ashyo zahirasining mavjudligi ularning bitta davr va jamoaga tegishliligi ehtimolini oshiradi. Shuningdek, bitta turdagi faoliyat natijasi yoki maqsadida tayyorlangan boʻlishi mumkin.