Bugungi kunda yo'l-transport hodisalari soni tobora oshib bormoqda. Bunga ko'pincha haydovchilarning uquvsizligi, yo'l qoidasini yaxshi bilmasligi sabab bo'layapti. Shu bois mamlakatimizda haydovchilarni tayyorlash tizimida talab va nazorat kuchaytirildi.

Natijada haydovchilik guvohnomasi olishga ko'maklashishini aytib, bunga ishongan fuqarolarni chuv tushirishga harakat qiladiganlar ham ko'paydi. G'uzor tumanida yashovchi Rustam Safoev (ism-familiyalar o'zgartirilgan) ham shundaylar xilidan ekan.

Rustam tanishi Akramning guvohnoma olish niyatida ekanini eshitgach, darhol unga o'z xizmatini taklif etdi.

– Qashqadaryo viloyati IIBda ishlaydigan tanishim bor, – dedi u. – Bir nechta odamga shular orqali prava olib berganman. Istasang, sening ham masalang­ni gap­lashib ko'rishim mumkin. Chunki imtihonlar juda og'ir, ular yordam bermasa, o'zing o'tolmaysan.

– Shunday qilsang zo'r bo'lardi-da, – dedi Akram ham qiziqib qolib. – O'sha tanishing bilan gaplashib ko'r-chi, tartibi qanday bo'lar ekan?

– Tartibi aniq, – dedi Rustam. – Uch yuz dollar bersang bo'ldi, imtihonga kirganingda o'zlari yordam berib yuborishadi. Keyin pravani olaverasan. Biror muammo bo'lsa, o'rtada men borman, ishonaver.

Akram bu masalada uyidagilar bilan maslahatlashib ko'rishi kerakligini aytdi.

– Mayli, maslahatlashib ko'r, so'ng o'zing telefon qilarsan, – dedi Rustam bamaylixotir. Biroq ertasi kuniyoq uning o'zi Akramga telefon qildi.

– Nima qilding, jo'ra? Uydagilar bilan gaplashdingmi, nima deyishdi?

– Ular-ku rozi, lekin pulni qachon berishim kerak? Hozir buncha pulim yo'q edi.

– Mayli, bo'lib-bo'lib to'larsan, hozircha borini beraver, ishni tezlashtirmasak keyin vaziyat yanada og'irlashib ketishi mumkin.

Shundan so'ng ham Rustam Akramga ikki kunda ikki marta telefon qilib, pulni tezlashtirishni so'radi.

Akramda chindan ham buncha pul yo'q edi. Shu bois bir tanishi orqali Rustamga ikki million so'm pul berib, qolganini ish hal bo'lganidan so'ng berishini aytdi.

Rustam bu shartga rozi bo'lgan bo'lsa-da, ko'p o'tmay pulning qolganini ham so'ray boshladi. Va'da qilingan guvohnoma haqida esa lom-mim demasdi. Uning gap-so'zlaridan firibgarlik qilayotganini fahmlagan Akram bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organga murojaat qildi va Rustam Safoev rad etib bo'lmas dalillar bilan qo'lga olindi. Jinoyat ishlari bo'yicha G'uzor tumani sudida Rustam Safoevning jinoyat ishi ko'rib chiqilib, unga ish haqining 20 foizini davlat hisobiga ushlab qolgan holda 2,5 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.