Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi.
Darhaqiqat, oila mustahkamligi, unda voyaga yetadigan farzandlarning kelajagi nikohning qonuniyligiga har jihatdan bogʻliq. Bu oilaning huquqiy va ijtimoiy masalalarining qonuniy muhofaza etilishiga xizmat qiladi, muqaddas qoʻrgʻonning mustahkamligini taʼminlab, jamiyat boʻgʻiniga aylantiradi.
Ammo ayrim kimsalarning buni anglab yetmasligi va belgilangan mezonga rioya etmasligi esa oʻziga “qimmatga tushadi”.
Sh.Roziqov (ism-familiyasi oʻzgartirilgan) Fargʻona tumanidagi jome masjidlaridan birida 32 yildan buyon imom noibi vazifasida ishlab kelgan. 2021-yilning 4-iyunida jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona tuman sudi tomonidan Sh.Roziqovga Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 201-moddasi 2-qismi (Diniy yigʻilishlar, koʻcha yurishlari va boshqa diniy marosimlar oʻtkazish qoidalarini buzish) bilan unga nisbatan jarima jazosi tayinlangan boʻlsa-da, bundan oʻziga tegishli xulosa chiqarmaganligi uni jinoyat koʻchasiga yetakladi.
2021-yilning 24-iyun kuni uning oldiga mahalla oqsoqoli N.Maripov va oʻzini “Jamshid” deb tanishtirgan shaxs kelib, fuqaro Sh.Rustamovaga uylanmoqchiligini, shu sababli sharʼiy nikohlab qoʻyishini iltimos qiladi. Imom noibi esa rozi boʻlib, “kelin”ning togʻasi xonadonida “vazifasi”ni ado etadi. Nikoh oʻqilishidan oldin FHDYO tomonidan berilgan guvohnoma mavjudligi haqidagi savoliga “kuyov”ning “hozir siz nikohni oʻqib turavering, biz keyinroq qonuniylashtiramiz” degan javobini eshitib ham, toʻgʻri qarorni qabul qilmaydi.
Oqibatda qonun oldida javob berishiga toʻgʻri keldi. Sh.Roziqovga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga koʻra bir yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.