Yangi yil bayrami arafasida biz Namangan viloyati hokimi Shpvkatjon Abdurazzoqov hamda Namangan davlat universiteti rektorati bosh mutaxassisi, “Zakovat” klubi koorlinatori Shavkatbek Shokirov bilan uchrashib, oʻtgan yil haqidagi taassurotlari va yangi 2022-yildagi rejalarini soʻradik:
Shavkatjon ABDURAZZOQOV,
Namangan viloyati hokimi:
- Yakuniga yetayotgan yil avvalida “Bir soʻm topsak ham, yoʻlga sarflaymiz, degandik. Haqiqatdan ham shunday boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan avtomobil yoʻllari va ichki koʻchalarni taʼmirlashga katta mablagʻ yoʻnaltirdik. Namanganda 2021-yil davomida eng koʻp qilingan ish va ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgan mavzu – aksariyat koʻchalarning asfaltlashtirilgani. Viloyat markazidan tortib chekka hududlargacha deyarli eʼtibordan chetda qolmadi. Yangi yilda ham mazkur saʼy-harakatlar barcha tumanlarda yana davom ettiriladi. Boshqacha aytganda, “Ochiq byudjet” platformasida eng koʻp ovoz olgan hududning koʻchasi asfaltlashtiriladi.
Yaqinda oʻtkazilgan Xalq deputatlari viloyat kengashining 2021-yil yakunlari va 2022-yilning ustuvor vazifalariga bagʻishlangan 27-sessiyasida xalqqa yoʻllagan Murojaatimda maʼlum qilganimdek, yangi yilda asosan ijtimoiy sohaga eʼtibor qaratamiz. Taʼlim va tibbiyotni har tomonlama rivojlantiramiz. Chunki najot – taʼlimda! Shuningdek, oliy taʼlimga qamrab olish darajasi ham (26,9 foiz) past koʻrsatkichda (respublikada bu koʻrsatkich 28 foiz). Taʼkidlash joiz, hozirda 3 ta oliy oʻquv yurti faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsa, kelgusi yilda Namanganda 10 ta yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil etiladi!
2022-yilda maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalar qamrovini 82 foizga yetkazish maqsadida 3 ta yangi davlat, 4 ta xususiy, 2 ta davlat-xususiy sheriklik, 258 ta oilaviy bogʻcha, viloyatning chekka hududlaridagi 58 ta mahallada 2570 oʻringa ega 81 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti ochiladi. 11 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti rekonstruksiya qilinadi. Qolaversa, aholini sogʻlomlashtirish boʻyicha bildirgan tashabbusimizga koʻra, barcha maktablarda sport zallari ham quriladi va mukammal taʼmirlanadi. Viloyatda jami 771 ta maktab bor boʻlsa, ularning 128 tasida sport zali mavjud emas edi. Bu ogʻriqli masalani tezroq ijobiy tomonga burishga, aholini sogʻlom turmush tarziga targʻib etish uchun jiddiy ahamiyat beramiz.
Shavkatbek SHOKIROV,
Namangan davlat universiteti rektorati
bosh mutaxassisi, “Zakovat” klubi koordinatori:
- 2021-yilda hayotimda qator unutilmas yaxshi voqealar roʻy berdi. Oila qurdim, doʻstlarim va yaqinlarim bilan nikoh toʻyimizni chiroyli tarzda nishonladik. Ikkinchidan, butun respublika boʻylab oʻtkazilgan “Zakovat” intellektual oʻyinining final bosqichida qatnashdik. Qizgʻin kechgan aql bellashuviga oʻsha kunlari saylovoldi tashviqot tadbirlari munosabati bilan Buxoro viloyatida boʻlib turgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kechqurun shaxsan tashrif buyurib, jarayonni kuzatdi. Garchi mutlaq gʻolib boʻlmasak-da, final bahslari ishtirokchisiga aylanganimizdan, davlatimiz rahbari bilan uchrashganimizdan behad xursandmiz. Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlangan 2021-yil, ayniqsa, bilimdonlar uchun tarixiy davr, kutilgan va kutilmagan yangiliklar yili sifatida muhrlanmoqda. Tillarga tushgan “Zakovat” teleoʻyini qayta tugʻildi, desak mubolagʻa emas.
Keling, ungacha boʻlgan jarayonlarga, taaassurotlarim bilan oʻrtoqlashsam. Qiziqishim sabab, mana, yetti yildirki, zehnni oshiruvchi aqliy mashgʻulotlar bilan muntazam shugʻullanaman. “Zakovat” musobaqasi men uchun “hobbi”dan baland turadi. Koʻpchilik bu oʻyinni faqat teledasturlar orqali biladi. Aslida esa, u iqtidorli yoshlar orasida turli koʻrinishda ancha rivojlanib ulgurgan. Joriy yil oʻrtalarida “Zakovat” NNT har bir viloyatda tashkil etiladigan breynring oʻyinlarini eʼlon qilganida men ham qiziqqan holda “Mexmash erudit” jamoasini shakllantirdim va tayyorgarlikni darrov boshlab yubordik. Iyun oyida navbat Namangan viloyatiga keldi. Saralashda jamoamiz muvaffaqiyatli qatnashdi va final yoʻllanmasiga ega chiqdi.
Toʻrt oy oʻtdi. Oldinda bizni Buxoro viloyati kutib turgandi. Oktyabr oyi yarimlagandi. Avvalo, Buxoroyu sharifni ziyorat qildik. “Grand Bukhara Hotel” mehmonxonasiga joylashtirishdi. Soʻnggi hozirlikni kuchaytirdik, deyarli uxlamadik hisob. Tuni bilan kitob titkiladik, bilimlarimizni takrorladik. Nihoyat, hal qiluvchi kunlar yetib keldi. Tashkiliy masalalar va sharoitlar yuksak saviyada yoʻlga qoʻyilgan. Final oʻyini “Oazis” sihatgohiga belgilangandi. 2 soatga yaqin yoʻl bosib borganimiz biroz toliqtirsa-da, manzilga yetganimizdan keyin roʻparamizdagi manzara, goʻzal muhit charchoqlarni bir zumda aritdi. Sihatgoh rostakamiga “Zakovat” shaharchasiga aylantirilgan edi. Barcha yerda “Zakovat” bayroqlari hilpirayapti, viloyat yetakchilarida esa oʻz hududlari nomi tushirilgan bayroqlar. Xullas, atmosfera yuqori darajada.
Finalda bizga 14 ta jamoa munosib ravishda qarshilik qildi. Biroq “Mexmash erudit” jamoasining uzoq va mashaqqatli mehnati oʻzini oqladi. Dastlabki raund 3-2 hisobida, ikkinchisida esa 4:0 boʻldi. Ha, tinimsiz intilishlarimiz besamar ketmadi. “Zakovat” intellektual klubi tomonidan 100 million soʻmlik pul mukofoti bilan taqdirlandik. Ilmga eʼtibor shunchalik boʻlar. Ertasiga tashkilotchilar breynring boʻyicha viloyat gʻoliblari oʻrtasida grand final oʻyini oʻtkazish va gʻoliblarga 6 ta “Jentra” avtomobili sovgʻa qilinishini aytishdi. Bu xushxabarlar ilm-zakovat olamidagi katta oʻzgarishlardan darak edi. Grand finalida boʻlajak chempion Xorazmga imkoniyatni boy bergan boʻlsak-da, jamoamizning biror aʼzosida haligacha afsuslanish yoki alam hissini koʻrmadim. Chunki doʻstona va samimiy muhit bir umrga shirin xotira boʻlib qolgandi.
Finalning tantanali taqdirlash marosimida muhtaram Yurtboshimiz nutq soʻzladi hamda oʻsha joyning oʻzida muhim qaror va farmoyishlarni imzoladi. Jumladan, har yili “Zakovat” intellektual harakatini qoʻllab-quvvatlash uchun 50 milliard soʻm mablagʻ ajratish, “Zakovat” uchun alohida bino qurilishi, tuman, maktab, oliy oʻquv yurtlarida “Zakovat” klubi ochilishi, “Zakovat” stipendiyasi joriy etilishi va hokazo. Yoshligimda atrofimdagilar “Zakovat” senga nima beradi, nima berdi, behuda pullaringni sarflab, boshingni ogʻritib nima qilasan...” deyishardi. Bunday noqulay vaziyatlar har bir zakovatchining boshidan oʻtgan, ehtimol. Endi esa umidli, orzusi ushalgan chinakam zakovatchilarning, gʻayrat-shijoatli, tashabbuskor bilimdonlarning zamoni keldi. Darvoqe, viloyatga zoʻr kayfiyatda qaytiboq universitetda “Zakovat” klubini ochdim. Turli tashkilotlar tomonidan uyushtirilayotgan “Zakovat” oʻyinlariga kaminani hakam sifatida taklif etishayotganidan mamnunman.
Maqolamizni millatimiz yosh qahramoni – Nodirbek Abdusattorov bilan bogʻliq dovruqli xushxabar bilan boshlgandik. U ham 2021-yili “Zakovat” intellektual klubi oʻtkazgan “Zakovat Gambit” turnirida chempion boʻlib, 50 million soʻmni qoʻlga kiritgan edi. Ilohim, mamlakatimizda shunday aqlli, zehni oʻtkir yigit-qizlar safi kengayaversin!
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri Orifjon JOʻRAYEV yozib oldi.