Ayni shu savollarga javob izlash maqsadida bir guruh ommaviy axborot vositalari muxbirlari uchun Namangan viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan “Namangan” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida media-tur tashkil etildi. OAV vakillari dastlab viloyat bojxona boshqarmasining “Namangan” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida boʻlib, tarixi, u yerdagi bojxona rasmiylashtiruvi jarayonini soddalashtirish, bojxona nazoratining shakl va usullarini joriy etish yoʻlidagi saʼy-harakatlar bilan tanishishdi.

Maʼlumot oʻrnida, mazkur postda 2020-yil davomida 26 ming 333 ta bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilib, 403 mlrd. soʻmdan ortiq bojxona toʻlovlari davlat byudjetiga oʻtkazilgan. Post orqali tadbirkorlarimiz tomonidan ishlab chiqarilgan 305 mln. AQSH dollaridan ziyod mahsulotlar xorij mamlakatlariga eksport qilingan.
Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularga bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berish yoʻnalishida ham bir qator ishlar bajarilgan. Jumladan, 2020-yil davomida import qilingan tovarlarga qonunchilikda belgilangan stavkalar asosida jami 1 trln. 337,2 mlrd. soʻm miqdorida bojxona toʻlovlari hisoblanib, shundan ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan xom-ashyo, texnologik asbob uskunalar, maishiy texnika va ularning qismlari kabi tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvida 933,6 mlrd. soʻm qismiga yoki 70 %iga bojxona toʻlovlaridan imtiyozlar berildi.

Bugungi kunda viloyat bojxona boshqarmasi tasarrufida 7 ta bojxona ombori (4 ta ochiq va 3 ta yopiq turdagi) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-apreldagi “Bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo doʻkoni faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 210-sonli qarori talablari asosida faoliyat yuritmoqda.

Bojxona omborlarining barchasi videokuzatuv moslamalari bilan jihozlangan, videotasvirlarni onlayn tarzda Davlat bojxona qoʻmitasi hamda hududiy boshqarmasi orqali kuzatish imkoniyati mavjud. Mazkur bojxona posti “Yoqut” MCHJga qarashli logistika markazi hududida joylashgan boʻlib, jurnalistlar 2018-yil dekabr oyidan faoliyat boshlagan mazkur logistika markazini ham koʻzdan kechirishdi. U hozirgi kunda soʻnggi texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan, zamonaviy dasturiy taʼminot tomonidan boshqariladigan zamonaviy logistika markazi sifatida tashkil etilmoqda.

“Yoqut” bojxona ombori hududida umumiy hajmi 29542mZ ga teng 8 ta yopiq binolar hamda 1059,27 m2-maydonga ega boʻlib, bir vaqtning oʻzida 10 ming tonnagacha boʻlgan turli tovarlarni joylashtirish imkoni mavjud. Mazkur hududda 3 ta temir yoʻl tarmogʻi (vetka) oʻtgan, umumiy uzunligi 600 metrdan iborat. Markazida bir vaqtning oʻzida 8 ta temir yoʻl vagonlarini joylashtirish yoki 16 ta yuk avtotransportida tovarlarni tushirib-ortish imkoniyati bor hamda ombori zamonaviy yuklash-tushirish uskunalari bilan jihozlangan.

Ishtirokchilar media-tur davomida oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javoblar olishdi. Jurnalistlar, eng avvalo, mavzuning ichiga kirib borish va har bir detalni puxta oʻrganish imkoniga ega boʻlishdi. Bu esa tabiiyki, ular tomonidan tayyorlanadigan materiallarning yana-da batafsil va taʼsirchan boʻlishiga xizmat qiladi.

Ravshanbek ASQAROV,
Namangan viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari.