Jumladan, rus tili va adabiyoti kafedrasining 7 ta oʻquv dasturi va sillabuslari, ingliz tilini oʻqitish metodikasi kafedrasining 7 ta oʻquv dasturi va sillabuslari ARIA (Accreditation and Rating International Agency) tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
Akkreditatsiya guvohnomalari ARIA vakillari tomonidan institut kafedralariga topshirildi. Bu jarayon institutda ishlab chiqilgan dasturiy hujjatlarning xalqaro sifat koʻrsatkichlariga javob berishini rasmiy tasdiqlaydi.
Akkreditatsiya jarayonida oʻquv dasturlarining mazmuniy va metodik asoslari, sillabuslarning xalqaro standartlarga mosligi, professor-oʻqituvchilarning ilmiy va pedagogik salohiyati, talabalar oʻzlashtirish darajasi va amaliy tayyorgarlik koʻrsatkichlari, kafedralarning ilmiy-uslubiy faoliyati samaradorligi kompleks baholandi.
ARIA bugun taʼlim sifatini taʼminlash sohasida nufuzli xalqaro tarmoqlar aʼzosi. CEENQA, EURASHE, NEQMAP kabilar shular jumlasidan. Shuningdek, ARIA Silk-Road Universities Network va Kelkar Education Trustʼs Scientific Research Centre kabi tashkilotlar bilan strategik hamkorlikni rivojlantirib kelmoqda. Bu hamkorlik orqali Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarida ilgʻor xorijiy tajribalar, innovatsion yondashuvlar va samarali sifat nazorati tizimi tatbiq etilmoqda.
Institut kafedralarining akkreditatsiyadan oʻtishi taʼlim jarayonining xalqaro darajada tan olinishini taʼminlaydi hamda professor-oʻqituvchilar va talabalar uchun kengroq akademik hamkorlik imkoniyatlarini ochadi, deyiladi institut axborot xizmati xabarida.