Yigʻilishda ijtimoiy soha masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi.
Prezident tibbiyotda Andijon brendini yaratish boʻyicha barcha imkoniyatlar borligini taʼkidladi.
Bu borada oʻtgan yili 650 oʻrinli klinika Andijon davlat tibbiyot instituti balansiga oʻtkazilib, uni taʼmirlash va jihozlashga 180 milliard soʻm berildi. Bu 11 ming talabaga bir vaqtni oʻzida ham oʻqish, ham amaliyot oʻtash imkonini beradi.
Institutdagi simulyatsion markazda tibbiyot xodimlari malakasini 2 bosqichda baholash tizimini yoʻlga qoʻyish, klinika yoniga travmatologiya, pediatriya va jarrohlik, ginekologiya boʻlimini qurib, klasterga aylantirish tashabbuslari qoʻllab-quvvatlandi. Bunga yana 100 milliard soʻm ajratilishi maʼqullandi.
Simulyatsion markazda sinovdan oʻtgan tibbiy xodimlarga qoʻshimcha 100 foiz ustama berilishi belgilandi.
Hozir 2 ming nafar namanganlik yoshlar Andijonga qatnab oʻqiyotganini hisobga olib, Namangan davlat universitetidagi tibbiyot fakulteti Andijon tibbiyot instituti filialiga aylanadi. Bu filial keyinchalik mustaqil oliygoh darajasiga olib chiqiladi, Andijon tibbiyot institutiga esa universitet maqomi beriladi.
Umuman, Qirgʻiziston, Tojikiston, Xitoy va Hindistondan kelib oʻqimoqchi boʻlganlar hisobiga, viloyatda tibbiy taʼlim eksportini yiliga 20 million dollardan oshirish mumkinligi taʼkidlandi. Mutasaddilarga xorijdan kelib oʻqiyotgan talabalar uchun “talaba vizasi” joriy qilish boʻyicha bir oyda taklif kiritish topshirildi.