Gullar festivali har yili keng qamrovda o‘tkazilib, unga dunyoning turli burchaklaridan mehmonlar qiziqish bildiradi. Har yili bayram tadbirida ishtirok etish uchun Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Niderlandiya, shuningdek Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston va Turkmaniston kabi qo‘shni mamlakatlardan mehmonlar taklif qilinadi.
Festivalni ommaviy axborot vositalarida yoritish uchun nafaqat mahalliy OAV vakillari, balki xorijiy OAV vakillari ham jalb etiladi. Turkiya, Eron, Xitoy, Hindiston, Rossiya Federatsiyasi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari OAV vakillari shular jumlasidandir.
Gullar festivali hududda turizm sohasini rivojlantirish, Namangan viloyati jozibadorligini oshirish, shuningdek mahalliy hamda xorijiy sayyohlar bilan barqaror aloqalar o‘rnatish yo‘lida xizmat qiladi. Bu Namangan viloyatining turistik salohiyatini dunyoga namoyish qilish uchun ajoyib imkoniyatdir, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.
Festivalda jami 150 dan ziyod florist-tadbirkorlar hamda 300dan ortiq havaskor gulchilar ishtirok etishi kutilmoqda. Ta’kidlash joizki, yil sayin o‘tkazilayotgan ko‘chatlar soni oshib bormoqda. Joriy yilda Gullar festivali tarixida birinchi marta 100 million gul ko‘chati ekilishi kutilmoqda.
«Namangan Flowers – 2021» festivali doirasida eng diqqatga sazovor voqyealardan biri shaharning markaziy ko‘chalari bo‘ylab o‘tkaziladigan gullar paradi hisoblanadi. Paradda 150 dan ortiq transport vositasi, qishloq xo‘jaligi va maxsus texnika qatnashib, ularning barchasi yorqin va rang-barang gullar hamda O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i bilan bezatiladi. Festivalning rasmiy ochilish marosimi Bobur nomidagi markaziy parkda boshlanib, parad ham shu yerdan yo‘nalish oladi.
Gullar festivalini o‘tkazish bahorning boshqa bayramlari bilan bir qatorda etno-ekologik jihati bilan ahamiyatlidir. Ushbu festival 1961-yildan buyon O‘zbekistonning eng yirik hodisalaridan bo‘lib, yurtimizning boy o‘simliklar dunyosini aks ettiradi.