Oʻtgan oʻn oyda viloyatda 681 ta loyiha bajarilib, 21 mingta ish oʻrni yaratilgan. 21 trillion soʻmlikdan ziyod mahsulot ishlab chiqarilib, 702 million dollarlik eksport qilingan. Yil yakunigacha viloyat iqtisodiyoti 8 foiz oʻsishi kutilmoqda.
Endi kelgusi yilga marra olish zarur. Shu bois barcha hududlarga ishchi guruh yuborilib, tadbirkorlarning takliflari oʻrganilib, rejalar shakllantirilmoqda.
Namangan viloyatida 527 million dollarlik 182 ta yangi loyiha imkoniyati aniqlangan. Masalan, Namangan shahri “Barkamol avlod” mahallasidagi kichik sanoat zonasi kengaytirilsa, 60 million dollarlik charm-poyabzal loyihasini joylashtirish mumkin. Mingbuloqdagi “Namangan” massivida shunday zona tashkil qilinsa, 25 million dollarlik sanoat loyihalariga sharoit boʻladi.
Poplik tadbirkor AQSHlik hamkorlar bilan 80 million dollar sarmoya kiritib, yiliga 1,8 million tonna flyuorit toshini qayta ishlash taklifini bergan. Natijada 200 ta ish oʻrni, 70 million dollar eksport imkoniyati paydo boʻladi. Yana bir korxona 40 million dollar investitsiya kiritib, 5 ming gektarda dorivor oʻsimlik yetishtirish, qandolat ishlab chiqarish va turizm maskani tashkil qilish istagini bildirgan.
Ushbu tumandagi sizot suvi yaqin yerlarda sholi, gʻalla, dorivor va ozuqabop ekinlar, Norin tumanidagi meliorativ tik quduqlar atrofida baliq yetishtirish mumkin. Chorkesar, Zarkent va Isparon hududlarida sugʻorish yaxshilanib, chorvadorlarga yer ajratilsa, 100 ming bosh qoramol va echki boqish imkoni bor.
Yangiqoʻrgʻonda Qishloq xoʻjaligi texnikumi tashkil etilib, kartoshkachilik markazi bilan dual taʼlim yoʻlga qoʻyilishi ham malakali mutaxassislar, ham asosiy oziq mahsuloti tayyorlashga xizmat qiladi. Asalarichilik xoʻjaliklari bilan kooperatsiya orqali xonadonlarda asalari boqib, ularni qoʻshimcha daromadli qilsa boʻladi.
Yigʻilishda Namangan viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish boʻyicha rejalarini taqdimot qildi. Xususan, 2025-yilda Namangan viloyatiga 4 milliard 200 million dollar investitsiya olib kelish, 34 ming ish oʻrni yaratish va 1 milliard dollar eksport qilish moʻljallangan.
Joriy yil yakunida kambagʻallik darajasini 8 foizdan ham pasaytirish rejlashtirilgan. 2025-yilda 78 ming nafar aholini kambagʻallikdan chiqarib, bu koʻrsatkichni 5,3 foizga tushirish koʻzda tutilgan. Shuningdek, chet elda mehnat migratsiyasida boʻlgan 100 mingga yaqin kishini yurtimizda ish bilan taʼminlash maqsad qilingan.
Davlatimiz rahbari bu takliflarni maʼqullab, viloyat iqtisodiyotini kompleks rivojlantirish boʻyicha qaror loyihasini kiritishga koʻrsatma berdi. Investorlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlab, loyihalari uchun sharoit yaratish, aholini tadbirkorlikka jalb etib, bandlikni taʼminlash muhimligi taʼkidlandi.