Institut foyesida oliy oʻquv yurti salohiyatini namoyish etuvchi koʻrgazma uyushtirildi. Koʻrgazmadan professor-oʻqituvchilar va talabalarning ixtirolari hamda ilmiy ishlanmalari oʻrin oldi. Jurnalist va blogerlar laboratoriyalar hamda eng soʻnggi oʻquv uskunalari bilan tanishtirildi.
Tadbir doirasida matbuot anjumani ham oʻtkazildi. Unda institut rektori Sharifboy Ergashev OAV vakillariga Namangan muhandislik-qurilish institutida bugungi kunda yaratilgan sharoitlar va istiqboldagi rejalar haqida toʻxtaldi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi.
Institut bilan faol hamkorlik qilib kelayotgan bir guruh OAV vakillari Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan taqdirlandi.
Shundan soʻng Namangan muhandislik-qurilish institutida oliy oʻquv yurtlari orasida birinchilardan boʻlib tashkil etilgan media markazning ochilish marosimi boshlandi, lenta qirqildi. Media markaz institut matbuot kotibi — rektorning axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi xonasi va studiyadan iborat. Studiyada foto va videolavhalar tayyorlash, intervyular olish hamda koʻrsatuvlar yozish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, xona akustika talablari asosida barpo etilgan boʻlib, ovoz yutish xususiyatiga ega, eng soʻnggi rusumdagi audio va videotexnika bilan jihozlangan.
NamMQI media markazining ochilish marosimida viloyat hokimining oʻrinbosari Botir Nuriddinov qatnashdi.
Namangan muhandislik-qurilish instituti axborot xizmati