Namangan shahrida karantin davrida ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam oluvchilar soni 16090 nafarga oshirilib, mahallalar kesimida har bir oilaning ijtimoiy yashash tarzini o‘rganish asnosida “temir daftar”lar yuritilishi yo‘lga qo‘yilyapti.
Aholining 1,5 mingdan ziyod mehnatga layoqatli, biroq band bo‘lmagan qismini “Yuksalish” sanoat zonasidagi mavjud 7,5 ming bo‘sh ish o‘rniga ishga joylashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Aholi o‘rtasida kambag‘allikni qisqatirish yuzasidan esa “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyilini joriy etishga kirishilgan. Shaharning Shishaki mahlla fuqarolar yig‘ini xonadonlarida parhezbop va xaridorgir bo‘lgan bedana go‘shti va tuxumini yetishtirish yo‘lga qo‘yildi.
Pandemiya sharoitida shahardagi 1400 dan ortiq sanoat korxonalari, 2000 dan ziyod tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatining qayta tiklangani aholi bandligini ta'minlashga zamin bo‘lib xizmat qilmoqda.
— Masalan, mavjud 4274 ta xizmat ko‘rsatish korxonalarining 3273 tasi faoliyati butunlay to‘xtagan edi, — dedi brifingda shahar hokimi O.Isayev. — Mart-aprel oylarida ularning 1340 tasining faoliyatini qayta tiklashga muvaffaq bo‘ldik. To‘xtab qolgan 257 ta qurilish pudrat korxonalarining 217 tasi, chakana savdo korxonalarining 850 tasi ham faoliyat boshladi. Natijada joriy yil mart-aprel oylarida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 888,7 mlrd so‘mni, xalq iste'moli mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 475,5 mlrd. so‘mni, chakana savdo aylanmasi hajmi 1 trln 688 mlrd so‘mni tashkil etdi va bu o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan 94,5 foizni tashkil etdi.
Albatta, bu jarayonlar ortida aholi bandligini ta'minlash, aholining xalq iste'moli mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishdek maqsad yotadi. Pandemiya davrida tadbirkorlar faoliyatiga qator imtiyozlarning tatbiq etilishi ham iqtisodiy inqirozga qarshi kurashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Aniqroq aytganda, joriy yil 6 oylik imtiyozli davr uchun shahardagi 2914 ta ijtimoiy soliq to‘lovchi yakka tartibdagi tadbirkorlik sub'ektlariga berilgan 50 foizlik imtiyozga asosan joriy yilning 1 oktyabriga qadar 3.9 mlrd so‘m miqdorida imtiyoz berilgan bo‘lsa, 814 ta qat’iy soliq to‘lovchi yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlariga berilgan 30 foizlik imtiyozga asosan 1,1 mlrd so‘m imtiyoz qo‘llanilgan.
Bu kabi chora-tadbirlarning barchasi aholining yashash sharoitini yanada yaxshilash, hayotidan rozi bo‘lib yashashi uchun. Iqtisodiy jihatdan mustahkam bo‘lgan oilada ijtimoiy-ma’naviy muhit ham ijobiy tomonga o‘zgarishini nazarda tutsak, shaharliklarning boshqa jabhalarda ham yanada ijobiy natijalarga erishishlari shubhasiz.
Sanjarbek HAMIDOV.