Maʼlumki, qalbaki pul mablagʻlarini tayyorlash va uni muomalaga kiritish ogʻir jinoyatlardan biridir. Biroq gurunch kurmaksiz boʻlmaganidek, hali-hanuz ayrim fuqarolar oʻz manfaati va nafsi yoʻlida iqtisodiyotga ziyon ekanligi va buning oqibati qanchalik ogʻir boʻlishini oʻylamayaptilar.
2020-yilning 3-fevral kuni Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir mobaynida soxta pulni muomalaga kiritish payida boʻlgan fuqarolarni fosh etdilar. Aniqlanishicha, Qirgʻiziston Respublikasi fuqarosi N.M Toʻraqoʻrgʻon tumanida yashovchi
X.S bilan jinoiy qiymati 100 AQSH dollari boʻlgan jami 200 dona qalbaki bank biletlarini 9000 AQSH dollariga sotayotgan vaqtda ushlangan.
Sud mazkur jinoyat ishi yuzasidan mavjud dalillar va guvohlar koʻrsatmalarini har taraflama, sinchiklab oʻrganib, N.M va X.Slar Oʻzbekiston Respublikasi JKning 223, 176-moddalari bilan aybdor deb topilib, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.
Ish boʻyicha daliliy ashyo tariqasida olingan qalbaki 20.000 AQSH dollarini tegishli tartibda yoʻq qilish belgilangan edi. Joriy yilning 3-mart kuni ijro hujjati ijrosini taʼminlash maqsadida tadbir tashkil etildi. Komissiya tomonidan yoʻq qilishga doir hujjatlari atroflicha koʻrildi. Shundan soʻng maxsus pech yordamida qalbaki dollar yoqib yuborildi.
Azizbek USMONOV,
MIB Namangan shahar boʻlimi davlat ijrochisi.