Namangan tibbiyotchilari Turkiyada tajriba orttiradi

    Turkiyalik hamkorlar bilan ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish orqali tibbiyot turizmini ham yoʻlga qoʻyish, yuqori texnologiya talab etiladigan jarrohlik amaliyotlarini Namanganda oʻtkazish boʻyicha ham bosqichma-bosqich ish olib borishga kelishib olindi.

    Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazakov Turkiyaning Liv Hospital xalqaro tibbiyot muassasalari tarmogʻi rahbari Meri Istiroti xonim bilan muzokaralar oʻtkazdi. Videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilgan muzokaralarda viloyatimiz sogʻliqni saqlash sohasi yetakchilari va Liv Hospital rahbarlari ishtirok etdilar.

    Dastlab, viloyat hokimi hamkorlarga Namanganda tibbiyotni rivojlantirish istiqbollari va imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot berdi. Xususan, joʻgʻrofiy qulaylik, demografik oʻsish, iqtisodiy taraqqiyot va tabiiy sharoitlarning oʻziga xosligi alohida koʻrsatib berildi.

    Meri Istiroti xonim Liv Hospital xalqaro tibbiyot muassasalari tarmogʻi modeli, boshqaruvdagi innovatsiyalar bilan tanishtirdi.

    Shundan soʻng, tibbiyot xodimlarining malaka oshirishi, mutaxassislar tayyorlash, tibbiyot muassasalarini zamonaviy boshqaruvga oʻtkazish borasida fikr almashildi.
    – Bir hafta ichida viloyatdagi tibbiyot markazlari direktorlari va shifokorlaridan iborat delegatsiyani Turkiyaga yuboramiz. Ular onkologiya, neyroxirurgiya, neatologiya, lor, travmatologiya, ortopediya kabi yoʻnalishlarda tajriba almashadilar, – dedi viloyat hokimi.

    Turkiyalik hamkorlar bilan ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish orqali tibbiyot turizmini ham yoʻlga qoʻyish, yuqori texnologiya talab etiladigan jarrohlik amaliyotlarini Namanganda oʻtkazish boʻyicha ham bosqichma-bosqich ish olib borishga kelishib olindi.

    Maʼlumot oʻrnida shuni aytish joizki, Liv Hospital xalqaro tibbiyot muassasalari tarmogʻi Turkiya jumhuriyatida yettita, Ozarbayjonda bitta tibbiyot zamonaviy klinikalari, shuningdek, tibbiyot kolleji hamda akademiyasi bilan mashhur boʻlib, investor sifatida emas, balki boshqaruvni zamonaviylashtirish orqali tibbiy xizmat sifatini oshirish tamoyilini qoʻllaydi. Birgina Bakuda ushbu tamoyil asosida ish olib borishi natijasida Istanbulga keladigan bemorlar oqimi vezilarli darajada kamaygan Ozarbayjonda davolanishni boshlagan.