Bugun “Beshkapa” mahalla fuqarolar yigʻini xonadonlarida oʻtkazilgan chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik natijasi oʻlaroq yuzlab fuqarolar bir necha kilometr olisdagi oila shifokorlik punktiga yoki tuman koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasiga bormasdanoq oʻzlarining salomatlik koʻrsatkichlari haqidagi maʼlumotlardan voqif boʻldilar.
Tasavvur qiling, xonadoningiz bir zumda misoli koʻchma oila poliklinikasiga aylanib qolsayu, mahalladoshlaringiz hovlingizda chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikka jalb etilsaya! Qorakoʻl qishlogʻining Birinchi Beshkapa koʻchasidagi 17-uyda yashovchi Bahriddin Mirzajonovning uyida xuddi shunday holat kuzatildi. Bugun tong sahardan xonadon ana shunday vaqtinchalik tibbiyot muassasasi vazifasini oʻtadi. Ertalab “Beshkapa” oila shifokorlik punkti va viloyat revmatologiya sihatgohi jamoasi hamda tuman tibbiyot birlashmasining birinchi mobil guruhi vakillari mazkur oila hovlisida “Sogʻlom hayot - faol harakat!” shiori ostidagi tibbiy tadbirni boshladilar.
Mahalla ahli oʻz salomatligiga befarq emasligini amalda namoyon etdi. «Mahallabay» tizimida faol ish olib borayotgan shifokorlarning huzuriga yoshu qarining hamjihatlikda intilgani ham bejiz emasdi, axir. Tuman markazidan ancha olisda joylashgan hududga salomatlik posbonlarining oʻzlari tashrif buyurishgani mahalladoshlarni behad quvontirdi. Fursatdan foydalanib qolish kerakligini hamma tushunib yetgandi. Shuning uchun ham odamlar oila-oila boʻlib mazkur xonadon sari oshiqishdi.
- Juda ham xursand kayfiyatda shifokorlar qabuliga kelyapmiz, - deydi 81 yoshli Anorxon aya Madrahimova. - Kelinim Zulfiyaxonni ham boshlab oldim. Sogʻligʻimiz haqida aniq tasavvurga ega boʻlmoqchimiz. Zulfiyaxon homilador. Ginekologlarning oʻzlari huzurimizga kelganligi ajib ish boʻldida.
Darvoza oldiga joylashgan tibbiyotchilar keluvchilarni roʻyxatga oliboq koʻchma laboratoriya tekshiruvlaridan oʻtishga yoʻllashdi. Keyin ular endokrinolog qabulida boʻlishib, qandli diabetga oid koʻrikka chorlandi. Onkolog, terapevt, pediatr, ginekolog, kardiolog, jarroh va boshqa tor soha mutaxassislari ham qishloq ahlining salomatligini birma-bir oʻrganib chiqdi. Ayollar mamma-skring, UZI, erkaklar esa EKG tekshiruvlariga bosqichma-bosqich jalb etildi.
- Biz qariyalarga juda ham qulay imkoniyat yaratildi. Prezidentimizga rahmat, shifokorlarni mahallalarda ishlashga daʼvat etyaptilar. Buning natijasida tuman markaziy poliklinikasining tor soha mutaxassislari hududimizga kelishdi. Men ham qishloq oqsoqollari qatorida tibbiy tekshiruvlardan oʻtdim. Sogʻligʻimda muammo yoʻqligini bilib, xursand kayfiyatda uyimga qaytyapman, - deydi 71 yoshli Fayzulla ota Pratov.
Qishloqda kechgan tibbiy jarayonlar doirasi yana-da keng edi. Mobil guruh aʼzolari hatto betobligi tufayli uzoq vaqt uyida yotib qolgan bemorlarning xonadonlariga ham kirib borishdi. Keksalik gashtini surayotgan Raʼnoxon aya Dehqonovaning uyidagi tibbiy koʻrikni “Beshkapa” oila shifokorlik punkti mudiri Hurmatoy Xalilova, tuman markaziy shifoxonasi yuqumli kasalliklar boʻlimi mudiri Nosirxon Olimov va vrach-laborant Zumradxon Yoʻldoshevalar oʻtkazishib, bemorning sogʻligini koʻzdan kechirishdi. Surunkali kasalliklarni boshidan oʻtkazayotgan ayolni sogʻlomlashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalarini aytishdi.
- Sogʻligʻimdan qaygʻurib, meni oyoqqa turgʻazish uchun uyimga kelgan shifokorlarga chin dildan tashakkurlar aytaman. Elparvar davlatda yashayotganimdan behad mamnunman, - deydi Raʼnoxon aya.
Shuni alohida qayd etish joizki, hududda sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish ishlariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Salomatxon Arzimatova boshchiligidagi guruh aholi oʻrtasida sogʻlom ovqatlanish va jismoniy faollikni oshirishga oid tadbirlar oʻtkazishdi.
Shuni alohida qayd etish joizki, hududda sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish ishlariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Salomatxon Arzimatova boshchiligidagi guruh aholi oʻrtasida sogʻlom ovqatlanish va jismoniy faollikni oshirishga oid tadbirlar oʻtkazishdi.
— Davlatimiz rahbari tomonidan aholini tibbiy xizmatdan rozi qilish vazifasi qoʻyilgan, — deydi Namangan tumani tibbiyot birlashmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchi Ulugʻbek Botirov. — Buning uchun tibbiy xizmatning samarali va ommabop usullarini joriy etishga intilyapmiz. Ishimizga yangicha mexanizmlarni joriy etish ustida astoydil izlanyapmiz. «Mahallabay» usuli gʻoyat maqbul ekanligini tajriba koʻrsatmoqda. Shu bois ham mazkur omilga alohida urgʻu beryapmiz. Tumanda 3 ta mobil guruh tashkil etdik. Birinchi guruh bu yerda ish olib borayotgan boʻlsa, ikkinchi guruh Xonobod qishlogʻiga joʻnatilgan. Maqsadimiz xavf guruhiga kiruvchi aholi vakillari salomatlik koʻrsatkichlarini chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklar vositasida yana-da yaxshilashga erishishdan iboratdir.
Darhaqiqat, mahallada oʻtkazilgan tibbiy tadbir ijobiy natijasini koʻrsatdi. Ayollarda olib borilgan mamma-skrining tekshiruvlari tufayli koʻkrak bezi saratoni, ginekolog kuzatuvlari chogʻida kamqonlik, ayrim kishilardagi test sinovlari paytida esa endokrinologik kasalliklarga moyillik holatlari barvaqt aniqlandi. Bu esa mazkur xastaliklarni oldini olish va davolashda gʻoyat muhimdir.
Abdulla GʻOZIYEV.