Namangan viloyat kardiologiya markazi direktori oʻz jamoasida “COVID-19”ga qarshi emlashni boshlab berdi

    Salomatlik 7 Aprel 2021 1303

    Joriy yilning 1-aprelidan Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi ommaviy emlash boshlangan. Jarayonga, eng avvalo, 65 yoshdan kattalar, tibbiyot xodimlari, oʻqituvchilar va ichki ishlar xodimlar jalb etilmoqda.

    Shuning uchun joriy yilning 4-aprel sanasidan boshlab RIKIATM Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filialida alohida emlash xonasi tashkil qilinib, Namangan shahar 3-oilaviy poliklinika bosh shifokori D.Hoshimov rahbarligida hamshiralar brigadasi tomonidan tibbiyot xodimlarini emlash boshlandi.

    Dastlab ularga vaksina haqida batafsil maʼlumot berildi. Umumiy ahvoli koʻzdan kechirilib, qon bosimlari oʻlchanib, soʻngra “AstraZeneca” va “ZF-UZ-VAC2001” vaksinalari bilan emlanmoqda.

    Birinchilardan boʻlib oʻz ixtiyori bilan mazkur filial direktori, tibbiyot fanlari nomzodi, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi sobiq boshligʻi Solixon Moʻminov emlandi.

    Uning aytishicha, ayni paytda holati yaxshi, koʻngli xotirjam, barchaga vaksina qabul qilishni tavsiya etmoqda. Shifoxonada boshqa xodimlarni ham oʻz navbati bilan emlash ishlari davom etmoqda.

    Oʻz muxbirimiz.