Shu ma'noda, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev sudyalar bilan uchrashuvda ma'naviyat bo'lmagan joyda hech qachon adolat bo'lmasligi, shuning uchun sudyalar, yurist kadrlarni tayyorlash va sudyalik lavozimiga tayinlashda ma'naviyat masalasiga alohida e'tibor qaratish lozimligini jiddiy ta'kidlagan edi.

Namangan viloyati sudi tomonidan o'tkazilgan turkum ma'naviyat va ma'rifat tadbirlarida mamlakatimiz Prezidentining yuqoridagi qimmatli fikrlari o'z ifodasini topgani muhim ahamiyat kasb etdi.

Sudyalar va sud tizimi xodimlarining ma'naviyatini, dunyoqarashini yuksaltirish maqsadida tashkil etilgan tadbirlarning navbatdagisi To'raqo'rg'on tumanidagi Is'hoqxon to'ra Ibrat majmuasidan boshlandi. O'zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi raisi Ubaydulla Mingboyev, sud faxriylari, sudya va xodimlar jadid bobomiz Ibrat haykali qarshisida to'planib, o'quvchilarning badiiy chiqishini tomosha qilishdi. Is'hoqxon Ibrat nomidagi ixtisoslashtirilgan ijod maktabida bo'lib, yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.

So'ngra ishtirokchilar guruhlarga ajragan holda bir vaqtda uch yo'nalishdagi tadbirlarda qatnashishdi. Jumladan, O'zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi raisi Ubaydulla Mingboyev, sud faxriylari, sudyalar va yoshlar vakillarini bir davraga jamlagan “Uch avlod uchrashuvi”da sud faxriylari bosib o'tgan umr yo'llari, boy tajribalari to'g'risida so'zlab berishdi. Mashaqqatli va sharafli mehnatlari mobaynida esda qolarli va ibratli voqealarni yodga olishdi. Hozirda sud idoralarida faoliyat yuritayotgan yosh kadrlar va ertangi istiqbolini ayni sohada ko'rishni istayotgan talabalarning savollari, taklif-mulohazalari bilan jarayon yanada qizg'in kechdi.

Ikkinchi yo'nalish bo'yicha, ya'ni Ibrat domla hayoti va ijodiga bag'ishlangan ma'naviyat darsida ibratshunos olim Tohirjon Qozoqov, ma'rifatparvar vatandoshimiz avlodlaridan Ikromjon Sodiqov allomaning yozgan asarlari, tilshunoslik, matbaachilikda erishgan yutuqlari xususidagi xotiralari bilan o'rtoqlashishdi. Mazkur ta'lim muassasasida bilim olayotgan har bir yigit-qiz 7 ta tilni mukammal biladigan buyuk ajdodimizga munosib bo'lishi kerakligini aytishdi. Suhbatga samimiy ruhdagi muloqotlar o'zgacha mazmun kiritdi.

Uchinchi yo'nalish Is'hoqxon to'ra Ibrat nomidagi chet tillari institutida davom etdi. Namangan viloyati sudining sudyalari oliy o'quv yurti talabalariga yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz mohiyati, undagi o'zgartishlar yuzasidan “Konstitutsiya darsi”ni o'tishdi. “Konstitutsiya – xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosidir”, degan g'oya ilgari surilgan maxsus huquqiy saboqlarda Bosh Qomusimizga kiritilgan sud-huquq yo'nalishidagi yangiliklarga doir batafsil ma'lumotlar qisqacha sharhlari bilan ulashildi. Barcha talabaga O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi nashri tarqatilib, ularga asosiy Qonunimizda belgilangan huquq va burchlari tushuntirildi. 

Keyin Ibrat muzeyiga tashrif buyurishdi. Yaqin tariximizni o'zida mujassamlashtirgan maskanda sudya va sud xodimlari o'tmishdan so'zlovchi eksponatlarni qiziqish bilan ko'zdan kechirishdi. Ayniqsa, muzeyda buyuk ajdodimizning qo'lyozmalari, risolalari, foydalangan buyumlari, suratlari, kiygan liboslari mavjudligi yig'ilganlarda katta taassurot uyg'otdi.

Namangan turizm o'choqlari, tarixiy yodgorliklari, moddiy madaniy meros ob'yektlariga boy zamin sifatida nom qozongan. Axsikent obidasi qadim tamaddunlar tutashgan, hali mukammal o'rganilmagan sir-sinoatlarga to'la va qaytadan kashf etilayotgan fayzli manzildir. Sud xizmatchilari “ochiq osmon ostidagi muzey”ni aylanishar ekan, Axsikent shahristoni qoldiqlari, u yerdan chiqqan turfa osori-atiqalar, ajdodlarimiz bunyod etgan me'morchilik namunalarining guvohi bo'lishdi.

- Jamiyatda oliy ma'naviy fazilatlarni kamol toptirishga ulkan madaniy meros, milliy va tarixiy an'analar, umuminsoniy qadriyatlarga chuqur hurmat bilan erishiladi, - deydi Namangan viloyati sudi raisi Alisher Usmonov. - Bugungi ma'naviyat va ma'rifat tadbirlarimiz Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan ma'rifatli jamiyat konsepsiyasining yorqin misolidir. Albatta, bu birinchi emas. Shunday loyihalar avvaldan uyushtirib kelingan va endi muntazam ravishda yo'lga qo'yiladi.

Uyg'un tadbirlar yakunida ta'lim muassasalari kutubxonasiga va faxriy mehmonlarga viloyat sudining kitoblar jamlanmasi sovg'a qilindi.

Orifjon JO'RAYEV,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri

 Mazkur tafsilot “Yangi O'zbekiston” gazetasining 29-noyabr, 248-sonida “ADOLAT VA MA'NAVIYAT – EGIZ TUSHUNCHA” sarlavhasi ostida chop etildi.