Suhbat avvalida Dimovska xonim ikki hafta oldin Namanganda boʻlgan chogʻida koʻrsatilgan samimiy qabul uchun viloyat rahbariga oʻz minnatdorligini bildirdi.

Shavkatjon Abdurazzaqov Namangan viloyati hokimligi BMT Taraqqiyot dasturi vakolatxonasi bilan samarali hamkorlikka tayyor ekanligini yana bir bor tasdiqladi.

BMT TD tomonidan mahalliy fermerlarni iqlim oʻzgarishlariga tayyorlash, savdo-sotiqqa koʻmaklashish, mahalliy oʻz-oʻzini boshqarish tizimini qoʻllab-quvvatlash kabi umumiy summasi 2 mln. dollardan oshiq 6 ta loyiha amalga oshirilgan, 5 ta yangi istiqbolli loyiha koʻrib chiqilmoqda.

Tadbirda BMT Taraqqiyot dasturi vakolatxonasi tomonidan ayollar bandligini taʼminlash, yoshlar salohiyatini oshirish, quyosh energiyasidan foydalanish, Chust va Chorkesarda ekologik vaziyatni yaxshilash kabi yoʻnalishlardagi istiqbolli loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.

Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov bu loyihalarga qoʻshimcha ravishda viloyatda meʼmorchilik boʻyicha kadrlar tayyorlash, kichik sanoat zonalarini rivojlantirish, yangi tashkil etilayotgan mahalla va koʻchalarni muqobil energiya yordamida yoritish, “Yoshlar daftari” ijrosini taʼminlash kabi yoʻnalishlarda ham hamkorlik qilish yuzasidan oʻz takliflarini bildirdi. BMT Taraqqiyot dasturi vakolatxonasi jamoasini Namangan viloyatiga yana bir bor kelishga daʼvat qildi.

Matilda Dimovska ushbu takliflarni mamnuniyat bilan qabul qildi hamda vakolatxona mazkur tashabbuslarni koʻrib chiqishga tayyor ekanligini taʼkidladi.