Namangan viloyati hokimi Namangan tumanida nuroniylar bilan uchrashdi

    Ijtimoiy hayot 2 Avgust 2021 1918

    Uchrashuv Mirishkor mahallasidagi “Elita” urugʻchilik shiyponida boʻlib oʻtdi. Muloqot avvalida tumandagi aholining dolzarb masalalarini aniqlash va ularning yechimini topish maqsadida nuroniy otaxonlar, tumanning jonkuyar fidoyilari davrasida yaxshi kayfiyatda, tabiat qoʻynida, ochiq havoda tashkil etildi.

    Dastavval xonadonlardagi muammolarni oʻrganish, oʻz vaqtida hal etishda mahalla raislari, hokimlar bilan yetarlicha tezkor va sifatli chora-tadbirlarni koʻrish, shu bilan birga, axloq va odob, yoshlar taʼlim-tarbiyasi muhokama qilindi.

    Uchrashuvda soʻzga chiqqan viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Namangan tumani mirishkor, bobodehqon, mehmondoʻst xalqligi, bu yerdagi barcha yoshi ulugʻ keksalari maʼnaviyatli, qolaversa, yerning tilini biladigan insonlar ekanligini taʼkidladi. U oʻz nutqida yigʻilganlarni Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligini munosib tarzda kutib olish uchun joylarda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, aholining hayotdan rozi boʻlib yashashlari uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida toʻxtaldi.

    Shundan soʻng Oliy Majlis Senati aʼzosi, “Nuroniy” jamoatchilik kengashi raisi, viloyat Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Ikromxon Najmiddinov nuroniylarimiz har sohada oʻrnak va koʻmakchi boʻlishini, oʻzlarining qimmatli maslahatlari, hayotiy tajribalari bilan oʻsib kelayotgan yosh avlodga yoʻl-yoʻriqlar berishlari kerakligini aytdi.

    Tadbir soʻngida viloyat rahbari tumandagi bir guruh faol faxriylarni tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari bilan taqdirladi.

    Oʻz muxbirimiz.