Bu haqda Namangan viloyati hokimligi Axborot xizmati xabar berdi.
Viloyat kasaba uyushmalari Kengashi binosida boʻlib oʻtgan tadbirda viloyat sektorlari rahbarlari, viloyat hokimining oʻrinbosarlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va tegishli tashkilotlar mutasaddilari, xorijdagi yoshlarning ota-onalari ishtirok etdi.
Videomuloqotda viloyat hokimi Namanganda aholi bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlari yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida toʻxtalib, yil boshida xorijda yurgan namanganlik migrantlar soni 117 mingni tashkil etgani, olib borilgan amaliy ishlar natijasida hozirda ular soni 64 ming nafar qolgani, yil oxirigacha yana 14 ming nafar kam daromadli migrantlarni yurtga qaytarish choralari koʻrilayotgani haqida soʻz yuritdi.
Shundan soʻng ayni vaqtda xorijda boʻlgan 100 ga yaqin yoshlar bilan onlayn muloqotga kirishildi.
Viloyat rahbari chet eldagi yoshlarning muammolarini tinglab, ularga yechim topish yuzasidan mutasaddilarga koʻrsatma berdi.
Eʼtiborlisi, viloyat hokimi bilan onlayn suhbatlashgan yoshlarning aksariyati Namanganga qaytish istagini bildirdilar. Buning uchun ularga mos ish oʻrinlari taklif etildi, biznes qilish maqsadi borlarga kreditlar ajratilib, qoʻllab-quvvatlanadigan boʻldi.
Bugungi kunda AQSH, Angliyadagi oliy oʻquv yurtlarida AyTi sohasida tahsil olayotgan yoshlar ham oʻz taklif va mulohazalarini bildirdi.
Muloqotda ishtirok etgan ota-onalar va yoshlar vakillari koʻrsatilayotgan bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlik uchun minnatdorlik izhor qildi.