Yaqin kunlarda viloyat turizmni rivojlantirish boshqarmasi hamda ushbu ikki viloyat Madaniyat va turizm boshqarmalari oʻrtasida bu boradagi aloqalarni kuchaytirishga qaratilgan hamkorlik memorandumlari imzolanadi.

Gullar shahri boʻlgan Namangan hamda atirgullar va lavandalar diyori boʻlgan Isparta oʻrtasidagi hamkorlikning tamal toshi 2018-yilning iyul oyida Namangan shahrining oʻsha paytdagi hokimi Shavkat Abdurazzaqov boshchiligidagi delegatsiyaning Ispartaga tashrifi davomida imzolangan birodarlashgan shaharlar kelishuvi bilan qoʻyilgandi.

Siirt viloyatining Baykan tumanida esa Sulton Uvays Qaroniy maqbarasi joylashgan boʻlib, bu ziyoratgohni xalqaro turistik jozibador maskanga aylantirish borasida katta tajriba shakllangan. Chortoq tumanida yaqinda rekonstruksiya va qurilish ishlari yakunlangan Sulton Uvays Qaroniy hamda onalari Bibi Naima ona ziyoratgohlarini turistik ommalashtirishda bu tajriba qoʻl kelishi tayin.

Soʻnggi paytlarda Namangan viloyatida turizm sohasida xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish borasida sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 14-avgust kuni viloyat turizmni rivojlantirish boshqarmasi hamda Rossiya Federatsiyasining Sverdlovsk viloyati turizmni rivojlantirish markazi oʻrtasida turizm sohasida axborot va tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish, turizm sektoriga oʻzaro investitsiyalar jalb etish, turizm mahsulotlari targʻiboti va marketingini amalga oshirish hamda kadrlar tayyorlash masalalarida hamkorlik qilish vazifalarini koʻzda tutgan memorandum ham imzolangandi.