Ushbu loyiha “Sun-Hightech” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan BMTning PROON/GEF loyihasi yordamida Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan birgalikda “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq joylarida energiya tejamkor uy-joy qurilishini rivojlantirishga koʻmaklashish” dasturi doirasida amalga oshirildi.

Uychi tumanidagi toʻrt qavatli yangi uylarga jami 192 ta quyosh panellari oʻrnatilgan. Mazkur quyosh elektr stansiyalari xonadonlardagi maishiy texnikalar, jumladan yoritish chiroqlari, televizor, muzlatgich, kompyuter kabi elektr jihozlarini markaziy elektr taʼminotidan alohida, mustaqil (avtonom) ravishda taʼminlash imkonini beradi.

Ushbu quyosh elektr stansiyalariga uzluksiz ravishda texnik xizmat koʻrsatish maqsadida mazkur koʻp qavatli uylarda yashovchi yosh mutaxassis doimiy ravishda ishga qabul qilindi.

BMT tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur grant loyihaning umumiy qiymati 1 milliard 320 million soʻmni tashkil etib, loyiha doirasida Oʻzbekistonning 5 ta hududi qamrab olinadi. Jumladan, Namangan viloyatidan tashqari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida ham quyosh panellari oʻrnatiladi.

Energetika vazirligi Matbuot xizmati