Davlat xavfsizlik xizmatiing Jizzax va Namangan viloyatlari boʻyicha boshqarmalari hamda bojxona organlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda 20 ming, 50 ming, 100 ming va 200 ming soʻmlik qalbaki banknotlarni tayyorlash va sotish holati fosh etildi.

Tezkor tadbir davomida Pop tumanida yashovchi, 1989 yilda tugʻilgan va Izboskan tumanida istiqomat qiluvchi, 1999 yilda tugʻilgan ikki nafar shaxs 37,4 mln soʻmlik qalbaki pullarni shartli xaridorga 7,5 mln soʻmga sotayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, ularni shaxsiy tintuv qilish va boshqaruvidagi «Lasetti» rusumli avtomobil salonini koʻzdan kechirish jarayonida yana 6,4 mln soʻmlik qalbaki pullar aniqlangan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, Izboskan tumanida yashovchi fuqaroning uyidan qoʻshimcha 7,7 mln soʻmlik qalbaki pullar, turli nominaldagi kupyuralar tasvirlangan 145 dona oq qogʻoz, kompyuter, rangli printer va boshqa ashyoar olingan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Ayni paytda gumonlanuvchilarning jinoyiy aloqalarini aniqlash boʻyicha tergov harakatlari olib borilmoqda.