O‘zbekiston chempionatining o‘smirlar o‘rtasidagi bahslarida Nukus, Urganch, Samarqand, Guliston va Namangan Olimpiya zaxiralari kollejlari jamoalari g‘oliblik uchun o‘zaro musobaqalashgan bo‘lsa, qizlar o‘rtasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shuningdek Jizzax, Andijon va mezbon Namangan viloyati basketbolchilari o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazishdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, o‘smirlar o‘rtasida Namangan viloyati jamoasi barcha raqiblaridan ustun kelib, faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2-o‘rin esa Xorazm viloyati jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, kuchli uchlikka Samarqand viloyati yakun yasab berdi.

«O‘z uyingda devorlar ham suyaydi», deganlaridek qizlar o‘rtasida o‘tgan qizg‘in va murosasiz bahslar yakunida ham mezbon – namanganlik sportchilar oltin medal sohibasiga aylanishdi. Ular hal qiluvchi final bahsida Qoraqalpog‘iston Respublikasidan kelgan dugonalaridan ustun kelishdi. Bronza medalini esa Jizzax viloyati jamoasi qo‘lga kiritdi, deb xabar beradi Namangan viloyat hokimligi matbuot xizmati.