Jumladan, Chortoq tumanida ham agrar sohada oʻz biznesini yoʻlga qoʻyish istagidagi yoshlarning bandligini taʼminlash borasida bir qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ana shunday xayrli ishlar samarasida endilikda viloyat oʻrmon xoʻjaligining “Muchum Keskanyor” muqobil mashina traktor parki hududidagi “Tollik” massividagi yer maydonlariga 500 nafar tashabbuskor yoshlar egalik qiladilar. Hozirgacha 187 nafar chortoqlik yoshlarga ushbu hududdan 30 sotixdan yer maydoni ajratib berildi.
Bugun viloyat va tuman hokimliklari, viloyat favqulodda vaziyatlar, xalq taʼlimi boshqarmalari, Yoshlar ittifoqi hamkorligida “Keskanyor, “Laskidon”, “Damariq”, “Yuksalish”, hamda “Navoiy” nomli MFY hududidagi 4-, 5-, 6-, 32- umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 60 nafar bitiruvchilariga 30 sotixdan yer ajratilib, tuman hokimining sertifikatlari topshirildi.
Tuman hokimi Anvarjon Otaxodjayev yoshlarga yerdan foydalanish boʻyicha koʻrsatmalar berish barobarida ularni tadbirkorlik, tashabbuskorlikka chorlab, kelgusi ishlariga muvaffaqiyat tiladi.
Joriy yilda tumandagi umumtaʼlim maktablarini jami 2619 nafar bitiruvchi tamomladi. Ularning 2097 nafari oliy oʻquv yurtlariga kirish istagini bildirgan boʻlsa, 13 nafari muddatidan avval xorijiy oliy oʻquv yurtlari talabasi boʻlishga muvaffaq boʻlib, 135 nafari texnikum va kasb-hunar kollejlarida tahsilni davom ettirish, 297 nafari hunar oʻrganish, 3 nafari harbiy xizmatga borish, 106 nafari tadbirkorlik bilan shugʻullanishga ahd qilgan.
Ushbu yerlar ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz yoshlarga 49 yilga shartnoma asosida bepul beriladi. Viloyat oʻrmon xoʻjaligi boshqarmasi tomonidan bodom, yongʻoq, olxoʻri va shunga oʻxshash koʻchatlar ekib beriladi. Koʻchatlar rivojlanguncha va keyinchalik ham qator oralarida dehqonchilik qilib, qoʻshimcha daromad topish imkoniyati bor.
Tuman hokimligi, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi koʻmagi bilan qoʻshimcha suv tarmoqlari tortib berilayotgani bu yerdagi ishlar koʻlamini kengaytirmoqda. Faqat yaratib berilayotgan imkoniyatlarga monand mehnat qilish lozim xolos.