Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Tamal toshi qoʻyilishi jarayonida soʻzga chiqqanlar ushbu loyiha “China Town Namangan” loyihasi Namangan viloyati va butun Fargʻona vodiysi iqtisodiy rivojiga katta hissa qoʻshishini maʼlum qildi.

Loyiha doirasida zamonaviy turar-joylar, biznes markazlar, besh yulduzli mehmonxonalar, savdo va dam olish maskanlari barpo etilishi koʻzda tutilgan boʻlib, u yangidan-yangi ish oʻrinlari yaratish va xorijiy investitsiyalarni jalb etishda muhim omil boʻladi.

Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov tamal toshi – bu faqat yangi shaharsozlik majmuasining poydevori emas, balki Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi doʻstlik, ishonch va hamkorlikning navbatdagi mustahkam qadami ekanini taʼkidladi.

Marosim davomida ramziy lenta kesilib, qurilishga tamal toshi qoʻyildi. Mehmonlar “Namangan China Town” shaharchasi loyihasi bilan yaqindan tanishdilar.

Tadbir soʻnggida viloyat rahbari loyihani amalga oshirayotgan tadbirkorlar, muhandislar va quruvchilarga muvaffaqiyatlar tiladi.