Dastlab xitoylik investorlar tomonidan Namangan shahrining Koʻzagarlik dahasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari muhokama qilindi. Shundan soʻng xorijiy hamkorlar qiziqish bildirayotgan viloyatda gilos plantatsiyalari tashkil etish masalasiga oʻtildi.

Xitoy gilos mevalarini sotib oladigan dunyodagi eng yirik importyor davlat hisoblanadi. Mazkur davlat har yili chet eldan 300 ming tonna gilos xarid qiladi, importning umumiy miqdori esa 1,3 milliard dollardan oshadi.

Xitoyga gilos asosan Chili, AQSH, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiyadan yetkazib beriladi. 2018-yilda ularning safiga Oʻzbekiston ham qoʻshildi.

Xitoylik investorlar Namanganda ushbu yoʻnalish bilan shugʻullanadigan kompaniyani roʻyxatdan oʻtkazish arafasida. Chust tumanida esa gilos plantatsiyalari uchun moʻljallangan yer maydonlarini ajratish koʻzda tutilmoqda.

— Biz hamkorlikning yangi yoʻnalishi boʻyicha sizlar bilan ishlashga tayyormiz. Chunki oʻtgan vaqt davomida “Namangan Qianxing Invesment” oʻzining ishonchli sherik ekanligini koʻrsatishga muvaffaq boʻldi, — dedi viloyat hokimi.

Xitoylik investorlar Namanganda gilos yetishtirishga katta miqdorda investitsiya kiritish va bu orqali viloyatda gilos yetishtirish va eksportga yuborish hajmini bir necha baravar oshirish istagini bildirdi. 

Videomuloqot yakunida bu boradagi muzokaralarni davom ettirish va joriy yil dekabr oyida oʻzaro shartnoma imzolash yuzasidan kelishuvga erishildi.