Vaksinatsiyalash ishlari ayniqsa 14-oila poliklinikasida jadal bormoqda. Karnay-surnay sadolari ertalabdanoq barchani tibbiyot maskaniga chorladi. Tadbir oldidan boʻlib oʻtgan marosimda soʻzga chiqqanlar koronavirusga qarshi kurashda emlashning ahamiyati yuksakligini taʼkidlab, davlatimiz rahbari, hukumatimiz bu muhim jarayonni muvaffaqiyatli amalga oshirish borasida zarur choralar koʻrganligini taʼkidlashdi.

Soat 10da yangi amaliyotga kirishildi. Poliklinikaga tashrif buyurgan keksalar dastlab shifokorlar koʻrigidan oʻtishdi. Salomatligi qoniqarli boʻlgan otaxon va onaxonlar navbat bilan emlash xonasiga yoʻllandi. Viloyatda birinchilarda boʻlib, Chorsu mahallasida yashovchi , 87 yoshli Ahmadjon ota Ismoilov hamshira tomonidan yuborilgan vaksinani qabul qildi.

— Men oʻtgan yili koronavirus infeksiyasiga chalinib, 45 kun kasallik azob-uqubatlarini tortdim. Shifokorlarning beminnat xizmati tufayli oyoqqa turdim. Bu kasallik oʻta xavfli ekanligini boshimdan kechirdim. Yaratganga shukurlar boʻlsinki, koronavirusga qarshi emlanadigan kunlarga ham yetdik. Shuning uchun vaksinalash boshlanayotganligini eshitib, oʻz xohishim bilan poliklinikaga keldim. Juda ham xursandman. Shifokorlar izzat-hurmat bilan kutib olib, kuzatib qoʻyishdi. Endi xavotirga oʻrin yoʻq, — deydi nuroniy.

Tashkiliy ishlar samarasi oʻlaroq vaksinalash tadbirlari zoʻr uyushqoqlik bilan davom etmoqda. Bosh shifokor Nafisa Tursunqulovaning taʼkidlashicha, bugun 70 nafar xavf guruhidagi insonlar emlashdan oʻtkaziladi.

Tibbiy tadbir borishi mutaxassisilar tomonidan qatʼiy nazoratga olingan.

— Vaksinalash jarayonlari Namanganda belgilangan tartib-qoidalar asosida amalga oshirilayotganligiga guvoh boʻldik. Ayniqsa, fuqarolarning faolligi tadbiroldi targʻiboti izchil yoʻlga qoʻyilganligini tasdiqlab turibdi, — deydi Sanitariya-epidememiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi xizmati markaziy apparati immunoprofilaktika boʻlimi mudiri Lyutsiya Nikolayevna Kim.

Maʼlumki, tibbiy tadbirning birinchi bosqichida viloyatda 106 ming nafardan ziyod 65 va undan ortiq yoshdagi keksalarni vaksinatsiyalash koʻzda tutilgan. Namangan viloyati boʻyicha 238 ta emlash punktlari tashkil etilgan. 293 ta emlash brigadasi va 54 ta mobil guruhlari ish olib boradi.

Namangan viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi

matbuot xizmati