Xalqimizning ezgu niyatlarini oʻzida mujassam etgan, erkinlik, millatlararo totuvlik, oʻzaro hamkorlik, bagʻrikenglik kabi umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan Bosh Qomusimiz qabul qilingan kun viloyatimizda ham keng nishonlanmoqda.

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Namangan viloyat kengashi, viloyat ichki ishlar boshqarmasining yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28 yilligi munosabati bilan aholiga muhim sana shukuhini ulashish maqsadida bayramona targʻibot aksiyasini uyushtirdi.

Namangan shahrining Islom Karimov hamda Toʻraqoʻrgʻon tumanining Isvaxon koʻchalarida oʻtkazilgan aksiya doirasida vatandoshlarimizni, haydovchiyu yoʻlovchilarni bayram bilan qutlab, konstitutsiya kitobi va partiyaning esdaliklari hadya etildi.