Mazkur oqova suv tozalash inshootining loyihasi 1960-yilda ishlab chiqilgan va obyekt 1965-yilda ishga tushirilgan. Ayni vaqtdagi obyektning ish samaradorligi juda past, yaʼni qariyb 10 foiz atrofida. Uni rivojlantirish bugungi kundagi dolzarb vazifa ekanidan kelib chiqqan holda hozirda unga davlat xususiy sheriklik asosida investorlarni jalb qilish masalasi koʻrib chiqilmoqda.

Mutasaddilarni eʼtiborini tortgan yana bir jihat bu boʻyoqli suvlarning kanalizatsiyaga oqizilgani boʻldi. Hududiy inspeksiya vakillariga mazkur holatni jiddiy oʻrganish va qoidabuzarlarni tegishli tartibda javobgarlikka tortish, kerak boʻlsa, jarima qoʻllash orqali kelgusida bu kabi salbiy holatlarni oldini olish zarurligi boʻyicha topshiriqlar berildi. Bu oqizilgan suvlar toʻgʻridan-toʻgʻri Sirdaryo oʻzaniga borib quyilishini hisobga olsak, mana shunday ishlab chiqarishda foydalanilgan suvlarni hududdagi barcha obyektlarni qamrab olgan holda jiddiy nazoratga olish muhimligi yana bir karra oydinlashadi.

 

 

Maʼlumot oʻrnida: Namangan shahar “Oqova suv tozalash inshooti” Namangan shahri bilan birgalikda Kosonsoy, Toʻraqoʻrgʻon va Namangan tumanlaridan oqova suvlarni qabul qilib tozalaydi. Ayni kunlarda olib borilayotgan “Uychi-Namangan” kollektorining 5,2 km qismini qurish ishlari yakunlanishi natijasida Uychi, Chortoq va Yangiqoʻrgʻon tumanlari isteʼmolchilari ham ushbu inshootga ulanadi. Hozirgi kunda inshootda bir kecha kunduzda 60-65 ming m3/sutka oqova suvlar tozalanmoqda. Shuningdek, unda mexanik va biologik tozalash ishlari amalga oshiriladi.

Prezidentimizning tegishli qaroriga muvofiq, Namangan shahar kanalizatsiya tizimlarini davlat xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berish maqsadida Osiyo Taraqqiyot Banki bilan hamkorlikda xorijiy mutaxassislar jalb qilingan boʻlib, ekspertlar tomonidan Namangan shahar oqova suvlar tozalash inshooti oʻrnida 75 ming m3/sutka boʻlgan yangi oqova tozalash inshootini va 7,5 km tashlama kollektorini qurish majburiyatini Xususiy Sherikka yuklagan holda davlat-xususiy sheriklik boshqaruviga berish loyihasining Konsepsiyasi ishlab chiqilib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda Moliya vazirligi qoshidagi Xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligiga kiritilgan. 

Loyiha qiymati 50,4 mln. AQSH dollarini tashkil etadi. Namangan shahri kanalizatsiya tizimini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berishda xususiy investorlarni tanlash boʻyicha idoralararo tender komissiyasi tomonidan xorijiy sheriklarni aniqlash yuzasidan tender eʼlon qilingan, hozirda kvalifikatsiya tanlovidan oʻtgan kompaniyalarning texnik va moliyaviy holatlarini baholash ishlari olib borilmoqda.