Namanganda kontrabandachilar Qirgʻiziston tamaki mahsulotlarini daryo orqali olib kelgan!

    Kashfiyotchi jinoyatchilar joʻshqin oqayotgan daryodan tamaki mahsulotlari solingan paketlarni tutib olayotganlarida qoʻlga olindi. Sigaretlar Qirgʻiziston tomonda suvga tashlanib, shu tariqa Oʻzbekistonga yetkazib kelingan.

    Tezkor harakatlar natijasida 100 million soʻmli 9 ming quti sigaret musodara etildi.

    Fargʻona vodiysi bir necha yildan beri noqonuniy tamaki mahsulotlari savdosining koʻlami boʻyicha yetakchi oʻrinlarni egallab keladi. Maʼlumki, kontrabanda sigaretlarning asosiy qismi Fargʻona, Namangan va Qoʻqon ulgurji bozorlarida «qoʻnim» topadi.

    Shuningdek, noqonuniy sigaret savdosidan davlat byudjeti katta zarar koʻradi. 2023-yilda mana shu holatlar tufayli byudjet 700 mlrd soʻm soliq tushumlarini boy berdi, ular muhim ijtimoiy muammolarni hal qilishga yoʻnaltirilishi mumkin edi.

    Bundan tashqari, bu holatlarga nafaqat davlat byudjetiga zarar, balki isteʼmolchi uchun ziyon nuqtai nazaridan ham qarash kerak. Bunday mahsulot xavflidir. U qayerda, kim tomonidan ishlab chiqariladi, qanday saqlanadi – hech kim bilmaydi. Bunday sigaretlar hech qanday tekshiruvdan oʻtmaydi, demakki, sifat kafolatiga ega emas. Shu tariqa, agar isteʼmolchi zaharlansa, buning uchun hech kim javobgar boʻlmaydi va ziyonni qoplamaydi.

    Shu sababli, kontrabandaga qarshi kurashishda fuqarolarning oʻzlari ham faol qatnashmoqda. Masalan, aksizi boʻlmagan tovarlar sotiladigan savdo nuqtalarini kuzatish oson boʻlishi uchun, Soliq qoʻmitasi Солиқ.уз ilovasida murojaatlar uchun maxsus shaklni joriy etdi. Isteʼmolchi huquqbuzarlik faktini qayd etib, bu haqda soliq organiga murojaat qilsa, kifoya. Faktlar tekshirilgach, arizachi jarima summasining 20 foizi miqdorida mukofot oladi.