Darhaqiqat, mamlakatimizdagi oʻzgarish va islohotlarning dastlabki nuqtasi, tabiiyki, mahalladan boshlanadi. Zero, odamlar oʻz kundalik hayotining deyarli koʻp qismini oʻzi yashayotgan mahallada, oilasi davrasida oʻtkazadi. Hududni obodonlashtirish, yoshlarni ish bilan taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” kabi roʻyxatlarga kiritilgan oilalarga koʻrsatilayotgan yordamlar misolida odamlar yurtimizdagi islohotlarni yaqqol his qiladi, ularda ertangi kunga ishonch paydo boʻladi.

Shuning uchun Prezidentimiz har bir mansabdor shaxsdan — u vazir yoki hokimiyat rahbarimi, ijro organi yoki moliya muassasasi masʼul xodimimi, “mahallabay” ishlab, aholi turmushini yaxshilash chora-tadbirlarini koʻrishni, hatto mahallaga koʻchib borib, insonlar hayotiga yana-da yaqinlashishini talab qilyapti.

Bugungi kunda Namangan viloyatidagi 775 ta mahalla fuqarolar yigʻinida 2 million 867 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qilmoqda. Ularning har biriga iqtisodiy idoralar vakillari biriktirilib, mahallalarning imkoniyatlari va ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda “oʻsish nuqtalari” aniqlandi. Har bir mahallada 2021-2022-yillarga moʻljallangan kompleks rivojlantirish dasturlari shakllantirildi.

Mazkur dasturlarda mahallalar aholisini kasb-hunar hamda tadbirkorlikka oʻqitish, ishga joylashtirish, yer, imtiyozli kredit, tomorqa uchun subsidiyalar ajratish, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, tibbiyot punktlari va kommunikatsiya, elektr, gaz, suv, yoʻl, aloqa tarmoqlarini rivojlantirishga asosiy urgʻu berilgan.

— Viloyatimizda “mahallabay” ishlash tizimi yuzasidan joriy yil uchun ish reja tasdiqlab olindi. Mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidan kelib chiqib, ularning 307 tasi “yashil”, 327 tasi “sariq” va 141 tasi “qizil” toifalarga ajratildi, — deydi viloyat mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi Shuhrat Musayev. — Bugungi kunga qadar 320,9 mingta xonadon oʻrganilib, 73,8 mingta muammo aniqlandi, shundan 23 ming 492 tasi hal boʻldi. Jumladan, 3 ming 869 nafar fuqaro ishga joylashtirildi, 911 nafarining sogʻligʻi tiklandi, 47 nafarining uy-joy muammolari barham topdi. Yana koʻplab murojaatlar ham ijobiy hal etildi.

— “Ayollar daftari”da turaman. Tumanimiz hokimi mahallamizga tashrif buyurishini, hovlimizga holimizni soʻrash uchun kirishini, toʻgʻrisi, kutmagandim va tasavvur ham qilmagandim. Chunki bundan besh-olti yil avval bizning ­muammolarimiz bilan hech kim qiziqmasdi, oldimizga kelmasdi. Sharoitimiz juda ogʻir, yashash joyimiz xarob edi, toʻkilib tushadigan darajada edi. Mana, endi uyimiz chiroyli, yap-yangi koʻrinishga keldi. Uchta qizim bilan yayrab-yashnab oʻtiribmiz. Qolaversa, daromad topish va boqish uchun tovuqlar va qoʻy ham olib kelib berishdi. Ha, hayotimga mazmun kirdi. Buning uchun Prezidentimizdan, bizga yordam qoʻlini choʻzgan tadbirkordan, mahalladoshlarimizdan cheksiz minnatdorman. Ilohim, hammalarining boshi omon boʻlsin! Bu yaxshiliklarini hech qachon esimdan chiqarmayman, bolalarim ham aslo unutmaydi. Doim ikki qoʻlim duoda, mendan qayt­masa, Allohdan qaytsin, omin! — deydi Pop tumanining “Chigʻanoq” MFYda istiqomat qiluvchi Barnoxon Oqboyeva koʻz yoshlarini tiyolmay.

Boshqarma masʼul xodimi Odiljon Kamolov bergan maʼlumotlarga koʻra, kommunal sohaga tegishli muammolar ham joyida bartaraf etilmoqda. Viloyatdagi 41 ta, jumladan, Namangan shahri va Norin tumanida 1 tadan, Chust va Yangiqoʻrgʻon tumanlarida 2 tadan, Pop va Uychi tumanlarida 3 tadan, Kosonsoy tumanida 9 ta, Namangan va Toʻraqoʻrgʻon tumanlarida 10 tadan mahalla fuqarolar yigʻini binolari qurildi. 99 ta mahalla fuqarolar yigʻini uchun yangi bino bunyod etish ishlariga kirishilgan. Bundan tashqari, viloyatdagi 100 ta mahalla binosining boʻsh turgan xonalarida 109 ta tadbirkorlik faoliyati tashkil etildi. Jumladan, 12 ta sartaroshxona, 8 ta novvoyxona, 3 ta kichik qandolatchilik va 55 ta tikuvchilik sexi, 44 ta bosh­qa turdagi xizmat faoliyatlari yoʻlga qoʻyildi.

“Nabiramning yuragida muammo paydo boʻlib, sogʻligʻi yomonlashdi. Moliyaviy ahvolimiz yomonligi tufayli bir yoshli qizaloqni Toshkentga zudlik bilan joʻnatib, davolatish uchun imkonimiz yetmasdi. Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi va tumanimiz hokimi mahallamizga kelganida dardimni ochiq aytdim. Ular bizni tushunishdi va kardiologga koʻrsatib, poytaxtdagi maxsus shifoxonaga yotishi va jarrohlik amaliyoti uchun bepul yoʻllanma yozib berishdi. “Order” olish va u orqali imtiyozdan foydalanish xayolimizda yoʻq edi, behad xursand­man.

Rostini aytishim kerak, ilgari hokimlar va rahbarlarning qabuliga oʻzimiz borardik, kunlab va oylab navbat kutardik, ovorayu sarson boʻlardik. Endi esa mutasaddilar quyiga tushib, oddiy odamlarning eshigini taqillatib, murojaatini tinglab, muammosi bilan qiziqyapti”, — deydi Namangan tumanidagi “Oq yer” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Kamolxon Shamsiddinov.

Tarixdan maʼlumki, qadimda shu hududda yashovchi aholi mashgʻul boʻlgan hunar turidan kelib chiqib duradgorlar, pichoqchilar, quruvchilar, gulchilar kabi mahallalar boʻlgan va juda rivojlangan. Mazkur ajoyib anʼana bugun Namanganda yana tiklanyapti.

Viloyatning jami shahar va tumanlaridagi 63 ta mahallaning ixtisoslashuvi tahliliy oʻrganildi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha dasturlari ishlab chiqilib, qaror loyihasi Vazirlar Mahkamasiga joʻnatildi. Masalan, Namangan shahridagi “Dambogʻ” mahallasi kosibchilikka, Uychi tumanidagi “Qumtepa” mahallasi temirchilikka, Mingbuloq tumanidagi “Tegirmonboshi” mahallasi yashikchilikka ixtisoslashgan.

Ayni kunlarda 10 sotixli kamida 100 ta issiqxona tashkil etish uchun 1 125 ta talabgorga 131,5 gektar yer maydoni ajratish ishlari boshlangan. Namangan shahrining eski shahar qismidagi 23 ta mahallada tikuvchilik, qandolatchilik va boshqa ishlab chiqarish sexlari ochish uchun 16 sotixli foydalanilmayotgan 4 ta boʻsh yer maydoni va 21 ta boʻsh bino aniqlanib, “yoʻl xarita”si ishlab chiqildi.

Prezidentimizning topshirigʻiga binoan, joriy yilda viloyatda umumiy qiymati 4,680 million soʻmlik 25 ta loyiha tasdiqlanib, ularni ishga tushirish boʻyicha amaliy saʼy-harakatlarga kirishilgan. Loyihalarni ishga tushirish hisobiga bir oyda 279,6 mingta, yiliga 2 million 236 mingta qora tovuq yetishtirish imkoniyati yaratiladi. Hozir bu loyihalarga kredit mablagʻlari, yer ajratish va shartnomalar tuzish ishlari boshlandi. Bundan tashqari, Namangan tumanidagi “Golden Egg of Namangan” MCHJ bilan 30-40 kunlik 50 mingta qora joʻja yetishtirib berish boʻyicha shartnoma tuzildi. Parrandalar, birinchi navbatda, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kirgan fuqarolar bandligini taʼminlash uchun yoʻnaltirildi. Mehnat vazirligi bilan birgalikda vazirlik tasarrufiga oʻtayotgan 27 ta kollejda tikuvchilik sexlarini ochish boʻyicha qaror loyihasi tayyorlanyapti.

“Mahalla — jamiyatimizning yorugʻ yuzi va vij­don koʻzgusi”. Shu gʻoya ostida yaqinda Namanganda “Mahallalarda milliy qadriyatlarni mus­tahkamlash haftaligi” boʻlib oʻtdi.

Navroʻz ayyomi shukuhi singdirilgan mazkur haftalik davomida qariyb 800 ga yaqin tadbir tashkil etildi. Qator maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy va sport anjumanlari, milliy oʻyinlar musobaqasi, “Men oʻqigan kitob”, “Mahallam — mening nigohimda”, “Eng obod koʻcha”, “Eng obod koʻp qavatli uy”, “Eng orasta xonadon” kabi turli yoʻnalishdagi koʻrik-tanlovlar uyushtirildi. Mazkur tadbirlarga 52 mingdan ziyod aholi jalb qilindi. Shuningdek, hududlarda tomorqadan samarali foydalanish, namunali mahallalar taj­ribasini ommalashtirishga, xotin-qizlar boʻyicha mahalla raisi oʻrinbosarlari faoliyatiga bagʻishlangan 44 ta seminar oʻtkazildi. Aholi bandligini taʼminlash maqsadida sektorlar boʻyicha 52 ta hududda boʻsh ish oʻrinlari mehnat yarmarkasi orqali 300 nafarga yaqin fuqaroning bandligi taʼminlandi.

Qolaversa, ijtimoiy himoyaga muhtoj 1 900 nafardan ortiq fuqaro (1 272 nafari keksa va nuroniy, 386 nafari ayol, 128 nafari “Temir daftar”ga kiritilganlar, 185 nafari boshqalar) holidan xabar olinib, ularga turli yordamlar koʻrsatildi, 1 700 nafarga yaqin yosh tomonidan 381 nafar keksaning xonadoni milliy anʼanamizga muvofiq hashar usulida tartibga keltirildi. Oilalarni mustahkamlash maqsadida ajrim yoqasidagi 225 ta oila yarashtirildi, ijtimoiy himoyaga va psixologik koʻmakka muhtoj 930 nafar ayol uchun 59 ta trening oʻtkazildi. Haftalik davomida viloyatda 15 ta mahalla binosi, mahalla qoshida 17 ta tadbirkorlik subyekti foydalanishga topshirildi.

Ochigʻi, avvallari hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy oʻsish dasturi “tepadan — pastga” tizimi asosida shakllantirilar edi. Endi esa aksicha boʻlyapti. Mahalla raisi islohotlarning boshida turibdi.

“Namanganga tashrifning birinchi kunida kechqurun Prezidentimiz mahallamizga keldi, — deydi Namangan shahridagi “Dashtbogʻ” mahalla fuqarolar yigʻinining raisi Muzaffar Ahmadjonov. — Kutilmaganda bir hovliga kirdi, oddiy odamlar, qoʻni-qoʻshnilar bilan samimiy gurunglashdi. Soʻng mahallamizda 3 200 ta ish oʻrni yaratilgan va tevarakdagi qator oilalar aʼzolarini mehnat bilan band qilgan kichik sanoat zonasini koʻzdan kechirdi. Qimmatli takliflar bildirdi. Oʻshanda mahallabay tizimda Namangan tajribasi yaratilishini aytdi. Bundan ruhlanib, shu yilning sentyabr oyigacha mahallamizda birorta ham kambagʻal qoldirmaslikka, “mahallabay”, “xonadonbay” uslubda ishlab, ishsizlarni kamaytirishga vaʼda berdim.

Kichik sanoat zonasida ayollar va yoshlar uchun oʻquv monomarkazi ham ochildi. Mahallamizdagi 150 kishi 12 ta yoʻnalish boʻyicha oʻqitiladi, maxsus kurslarga biriktirilib, tadbirkorlikka yoʻnaltiriladi. Mazkur monomarkazda yil davomida 2 ming kishi ishlash va ish oʻrganish imkoniyatiga ega.

Xalq deputatlari viloyat kengashini tashrifning ikkinchi kunida oʻtkazilgan navbatdan tashqari sessiyasida faoliyatim yuksak eʼtirof etilganidan gʻoyat mamnunman. Mamlakatimiz rahbari “Mahalla — tashabbuskor”, “Mahallada rais — islohotchi” tashabbusini ilgari surib, men haqimda alohida toʻxtaldi, namuna qilib koʻrsatdi. Albatta, mazkur tashabbuslarni hayotga keng tatbiq etish uchun bor kuch-gʻayratimizni sarflaymiz va ishonchni oqlaymiz!”.

Xulosa qilib aytganda, davlat idoralari mutasaddilari mahalla ichiga kirib, aholi muammolarini atroflicha oʻrganishi, xalqqa yana-da yaqinlashib, odamlarning taklif va istaklarini roʻyobga chiqarishi uchun ularga koʻmaklashishi lozim. Shunda jamiyatimizdagi ogʻriqli muammolarni tizimli ravishda hal etishga zamin yaratiladi. Bu esa yurtimizda taraqqiyot va farovonlik darajasi yana-da yuksaladi, deganidir. Shu bois, Oʻzbekistonda mahallabay ishlash tizimi davlatimiz rahbari tomonidan keyingi yillarda oʻzini-oʻzi boshqarish organi — mahallaning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish, uning boshqaruvchilik vakolatlarini kengaytirish yoʻlidagi strategiyaning mantiqiy davomidir. Bu borada esa Namangan tajribasi yaratilayotgani va eʼtirof etilayotgani ayni haqiqat.

Orifjon JOʻRAYEV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri