Unga koʻra, ushbu nodir topilmalar 1200-1500-yillik tarixga ega boʻlsada, juda yaxshi saqlangan. Ular ichida 475-600-yillarga mansub Baqtriya kumush tangalari ham borligi aniqlangan. Oʻrta Osiyoda birinchi kumushdan yasalgan tangalar miloddan avvalgi 3-asrda chiqarilgan. Uning yuza qismi — aversiga podshoning surati, orqa tomoni — reversiga esa har xil xudolar, muqaddas hayvonlar tasviri solingan yoki podsholarning nomi yozilib, tamgʻasi tushirilgan.

Qayd etilishicha, 9-asrga oidligi aytilayotgan Qoraxoniylar hukmronligi davridagi kumush tanglar ham arab yozuvidagi bejirim xatga ega. Yana bir tanga mutaxassislar eʼtiborini tortdi. Uning aversida arab yozuvi, reversida xitoy iyerogliflari mavjud.

“Hozirda Axsi osori-atiqalar muzeyida turli davrlarga oid mingdan ortiq tangalar saqlanmoqda. Yangi Axsi va Axsikent arxeologiya yodgorlik majmualarida boshlangan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari barchani quvontirmoqda. Buni koʻrgan xalqimiz asrlar osha saqlab kelayotgan nodir artefaktlarini muzeyga taqdim etishmoqda”, — deydi majmua rahbari Bilolxon Rustamov.

Ayni paytda olimlar tangalarning tasvirlari, yozuvlari, ogʻirligi, qanday metalldan yasalgani, pul muomalasidagi darajasi va tanga zarb qilinish tarixini oʻrganmoqda.