Aholi murojaatlari bilan ishlashda yangicha tizim yaratilib, joylarda sayyor qabullar uyushtirilayotgani fuqarolarni o'ylantirayotgan ko'plab masalalarning yechim topishiga sabab bo'lmoqda.
Oliy sud raisi o'rinbosari Halilillo To'raxo'jayev ishtirokida kuni kecha Chust va Chortoq markazidagi qabullarda fuqarolarning jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma'muriy ishlarga tegishli 81 ta murojaati bilan batafsil tanishildi. Ularning 45 tasiga huquqiy tushuntirish berilib, 22 tasi yuzasidan arizalar Oliy sud tarafidan kassatsiya tartibida hal etish uchun qabul qilindi. 14 ta muammoga esa o'rnida ijobiy javob bildirildi.
Shuningdek, sayyor qabullar davomidagi sayyor sud majlislarida sodir etgan jinoiy qilmishi uchun hukmga muvofiq jazo o'tayotgan 8 nafar fuqaro qilmishidan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi, tuzalish yo'liga qat'iy o'tganligini munosabati bilan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.
Fuqarolik ishlari bo'yicha sudlar ish haqi, aliment undirishga doir murojaatlarni o'rganib, sud buyruqlarini chiqardi va ijroga qaratdi. Ajrashish yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan suhbatlashilib, 10 tasi yarashtirildi.
Jinoyat ishlari bo'yicha Uychi tuman sudida Namangan viloyat sudi jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hay'ati apellyatsiya instantsiyasining ochiq sud majlisi bo'ldi. Unda firibgarlik jinoyatida ayblanib, 3 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan 3 nafar fuqaroning ishi apellyatsiya shikoyatiga asosan ko'rildi.
Sudlov hay'ati mazkur ishlarning barcha holatini to'liq tahliliy tekshirib, firibgarlik oqibatida jabrlanganlarga yetkazilgan moddiy zarar qoplanganligi bois, shu sudlanuvchilar sud majlisi zalidan qamoqdan ozod etildi. Ularga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog'liq bo'lmagan jazo qo'llandi.
Bahodir MO'MINOV,
Namangan viloyat sudi axborot xizmati rahbari